Jamiyat | 16:38 / 11.06.2018
17977
3 daqiqa o‘qiladi

Isrof – Alloh va uning Rasuli tomonidan qaytarilgan illat

“Islom nuri” dasturining bugungi sonida har bir mo‘min-musulmon amal qilishi, o‘z hayotining ajralmas odatiga aylantirishi lozim bo‘lgan isrofdan saqlanish va isrofning oqibatlari haqida so‘z boradi. Bu mavzu haqida “Kamoliddin Orif – al Buxoriy” jome masjidi diniy xodimi Qobil qori Odiljon o‘g‘li batafsil so‘zlab berdi.

YouTube'da tomosha qilish

Tas-IX'da tomosha qilish

- Payg‘ambarimiz (s.a.v) Haybar bilan Madinaning (shahar nomlari – tahr) o‘rtasida uch kun turib qoldilar. O‘sha payt Bani Qurayza qabilasi rahbarining qizlari Sofiya onamizga uylangan paytlari ekan. To‘y bo‘lishi kerak ekan. Shunda u Zot (s.a.v) “terilardan dasturxon qiling”, dedilar. Taomiga xurmolar qo‘yildi. Ana shunday oddiy dasturxon ustida Rasululloh (s.a.v) nikohlarini e'lon qilgan ekanlar.

So‘nggi paytda to‘ylarimizda va hatto iftorliklarda dabdaba, isrofgarchiliklar, taom ustiga taom qo‘yilishlari kuzatilmoqda. Yeb-ichish kerak, uy egalari ham yaxshi niyatda taomlarni dasturxonga qo‘yishadi, lekin isrofgarchilikka yo‘q qo‘ymaslik kerak. Odamlarimiz iftorlikning savobini topaman deb harakat qilishadi. Iftorlikning savobini isrofga yo‘l qo‘yib, dabdabali dasturxon yozib, 100-200 nafar odam chaqirib topib bo‘lmaydi. Uning savobini boshqa yo‘l bilan topsa ham bo‘lar ekan.

Iftorlik dasturxoniga ketadigan noz-ne'mat, unga bo‘ladigan xarajatni muhtoj bo‘lgan odamlarning xonadoniga olib borib berilsa, o‘sha odamlarga moddiy yordam ko‘rsatilsa u ham iftorlikning savobini olib keladi. 

“Kamoliddin Orif – al Buxoriy” jome masjidi diniy xodimi
Qobil qori Odiljon o‘g‘li

Misrda o‘qib yurgan kezlarimda Ramazon oyida bir holatning guvohi bo‘lardim. Aynan mana shu oy misrlik oziq-ovqat sotuvchilar narx-navoni tushirishar edi. Ular bu ishni Ramazonning hurmati, yurtdoshlarimiz, dindoshlarimiz mana shu ne'matlardan iste'mol qilishsin, bu bizning ularga qilgan iftorligimiz bo‘lsin, deb amalga oshirishardi. 

Men o‘zimizda shu holatni kuzatamanki, ertaga Ramazon oyi kirib keldi, deguncha narx-navoni ko‘tarib qo‘yishadi. Aynan iftorlik dasturxoniga qo‘yiladigan oziq-ovqat mahsulotlari narxini sun'iy ravishda ko‘taradigan bor. Agar kimki, narx-navoni mana shu oyda tushirib, Ramazonning hurmatini qilishsa, bu ham ularning iftorligiga kiradi, - Qobil qori Odiljon o‘g‘li.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid