O‘zbekiston | 11:51 / 13.06.2018
10648
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi qaror loyihasi: Kasb malakasini baholash yagona tizimi yaratiladi

Prezidentning «Xodimlarni kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirish va kasb malakasini baholash yagona tizimini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan.
 
Norma’ning yozishicha, loyihada malaka, kompetensiya va ko‘nikmalarni baholash milliy tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Uning doirasida har kim ixtiyoriy ravishda kasb malakasiga ega bo‘lish yoki uning darajasini tasdiqlash imkonini qo‘lga kiritadi. Buning uchun malakani baholash va berish bilan shug‘ullanadigan kompetensiyalar markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlik sub'yektlari va boshqa tashkilotlar ularning muassislari bo‘lishi mumkin. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini markazlarni akkreditatsiyalash uchun mas'ul organ etib belgilash taklif etilgan.  
 
Mutaxassislarga malaka berilganligi to‘g‘risida guvohnomalar taqdim etmoqchilar. Malaka berilgan barcha shaxslarni Mehnat vazirligining Yagona milliy reyestriga kiritish taklif etilmoqda. Uni alohida internet-sayt ko‘rinishida tashkil etish rejalashtirilmoqda. 
 
Kasb standartlari va malaka ma'lumotnomalarini ishlab chiqish ishlarini uslubiy ta'minlash sohasidagi yetakchi tashkilot sifatida kompetensiyalarni baholash ilmiy-uslubiy markazi (davlat-xususiy sheriklik shartlarida MChJ shaklida) tashkil etilishi alohida rejalashtirilgan.   
 
Bunda kasb standartlari va malaka talablarini sohaga oid davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organlari, kompetensiyani baholash markazlari yoki o‘z normativlarini belgilash istagini bildirgan tashkilotlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilaydilar. Ularni Mehnat vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi. 
 
Yana Mehnat vazirligi huzurida quyidagi vazifalari belgilangan Kasb malakalari va kompetensiyalari bo‘yicha kengashni tashkil etish mo‘ljallanmoqda:  
 
• malakani baholash va berish jarayoni sifatini vaqti-vaqti bilan va tanlab tekshirish;
• malakalarni tasdiqlash markazlarini akkreditatsiyalash yoki akkreditatsiyasini chaqirib olish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar tuzish;
• Mehnat vazirligining vaqti-vaqti bilan va tanlab tekshiruv o‘tkazish yakunlari bo‘yicha bir vaqtning o‘zida Yagona milliy reyestrdan chiqargan holda malaka berilganligi to‘g‘risida guvohnomaning amal qilishi bekor qilinganligi haqidagi taqdimnomalarini kiritish;  
• kasb standartlari va malaka ma'lumotnomalarini ishlab chiqish ishlari uslubiy ta'minlanishini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
• malakani baholash va berish milliy tizimini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid