Sport | 16:30 / 18.06.2018
8056
7 daqiqa o‘qiladi

Angliya va Belgiya startda. Navbatdagi urinish

Bugungi 3 o‘yin Nijniy Novgorod, Sochi va Volgograd shaharlarida bo‘lib o‘tadi. F guruhining yana ikki vakili Janubiy Koreya hamda Shvetsiya o‘zaro to‘qnashsa, G guruhida Angliya-Tunis hamda Belgiya-Panama juftliklari.

Jahon chempionatining beshinchi kunidagi ilk o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 17:00da «Nijniy Novgorod» stadionida boshlanadi. Shvedlar turnirga Italiyaga qarshi o‘tish o‘yinlari orqali chiqishgandi. Bu terma jamoa 12 yil ichida ilk marta mundialda qatnashmoqda. Shved futbolining keyingi davrdagi asosiy yulduzi Zlatan Ibrahimovich tarkibda emas, u ikki yil muqaddam, Shvetsiya saralash bosqichini 3 o‘yinda 1 ochko olgan holda o‘ta muvaffaqiyatsiz boshlaganida xalqaro faoliyatini yakunlagandi.

Koreyslarning kichik ayyorligi

Janubiy Koreya termasi uchun bu to‘qqizinchi mundial hisoblanadi. Ammo bu jamoa 32 yil ichida faqat ikki marta guruhdan chiqa olgan, 2002 yilgi jahon chempionatida (Yaponiya va Janubiy Koreya mezbonlik qilgan) Guus Hiddink boshqaruvidagi koreyslar to‘rtinchi o‘rinni egallashgan. JCh-2010 turnirida esa Janubiy Koreya nimchorak finalda urugvayliklarga yutqazgan. 4 yil muqaddam Braziliya maydonlaridagi turnirda Janubiy Koreya Rossiya, Belgiya va Jazoir terma jamoalari bilan bitta guruhdan joy olishgan, pley-offga Belgiya va Jazoir yo‘l olgandi.

Jamoaning asosiy yulduzi - «Tottenhem» hujumchisi Son Xin Min hisoblanadi. Termaning aksar futbolchilari K-ligada yoki Yaponiyadagi jamoalar safida to‘p suradi. 29 yoshli sardor Ki Son Yon uchinchi mundialiga kelgan, u ham APL jamoasi - «Suonsi» sharafini himoya qiladi.

Janubiy koreyaliklar ustozi Sin Txe Yon bir kun oldingi mashg‘ulotlarda shvedlarni chalg‘itish uchun futbolchilarning raqamini almashtirdi. U yevropaliklar osiyoliklarni faqat futbolkalaridagi raqamlari orqali ajratishini hisobga olgan holda shunday yo‘l tutgan. Uning fikricha, endi raqiblar u qaysi futbolchilarni asosiy tarkib uchun tayyorlayotganini aniqlay olmaydi.

Shvetsiya-Janubiy Koreya o‘yinini salvadorlik Xoel Agilar boshchiligidagi hakamlar boshqarishadi. Bir kun oldin ushbu guruhdagi birinchi uchrashuv Germaniya va Meksika o‘rtasida o‘tkazilib, unda amerikaliklarning qo‘li baland kelgandi - 1:0.

Panamaning debyuti
Toshkent vaqti bilan soat 20:00da G guruhi uchrashuvlari boshlanadi. Sochidagi «Fisht» stadionida Belgiya Panamani qabul qiladi. Belgiyaliklar bu safargi turnirda ham «qora toychoq» vazifasini bajarishi kutilmoqda. Bu tarkibda turnir yarim finaliga qadar yetib borish salohiyati mavjud. Panama esa jahon chempionatlarida debyut qilmoqda, panamaliklar hech qachon bu darajadagi musobaqada ishtirok etishmagan, yo‘llanmani ularga AQSh «sovg‘a» qilgandi, hal qiluvchi o‘yinda AQSh Trinidad va Tobagoga yutqazgandi, holbuki bu o‘yindagi durang ham amerikaliklarga kifoya qilardi.

Panama tarkibida bitta ham taniqli futbolchi yo‘q, murabbiy 62 yoshli kolumbiyalik Ernan Gomes, u o‘z vaqtida vatani terma jamoasini, shuningdek Ekvadorni mundialga olib borgan. 2002 yili ekvadorliklar ham o‘z tarixlarida ilk marta jahon chempionatida o‘ynashgandi.

Panamaning eng yorqin futbolchisi - MLS jamoasi «Sietl» safida to‘p suradigan himoyachi Roman Torres hisoblanadi. Aynan u oxirgi turda jahon chempionati yo‘llanmasini ta'minlagan gol muallifi bo‘lgandi. KONKAKAF saralashidagi 10 o‘yinda Panama atigi 9 gol urgan.

Belgiyaning tarkibi esa yulduzlar bilan to‘lgan: Tibo Kurtua, Kevin de Bryuyne, Eden Azar, Romelu Lukaku, Yannik Karrasko, Dris Mertens, Adnan Yanuzay - belgiyaliklarning «oltin avlodi» yana bir bor o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘radi. 2016 yilgi Yevropa chempionatida bu yulduzli tarkibni chorak finalda Garet Beyl boshchiligidagi uelsliklar to‘xtatishgandi (1:3), JCh-2014 esa shu bosqichda Lionel Messi boshchiligidagi argentinaliklar ustun kelishgandi (0:1). Hozirgi tarkibda barchasini to‘g‘rilash uchun imkoniyat bor, 4 yil avvalgi tarkibning 15 futbolchisi hozirgi tarkibga ham kiritilgan.

Belgiyaning ispaniyalik bosh murabbiyi Roberto Martinesning yagona muammosi himoya. Tomas Vermalen va Vensan Kompani ayni vaqtda jarohatda. 

O‘yinni zambiyalik Jyenni Sikazve boshqaradi.

Angliyaning navbatdagi urinishi

Soat 21:00da Volgogradda Angliya va Tunis o‘rtasidagi uchrashuv boshlanadi. Angliyaliklar bir necha o‘n yillardan buyon saralash bosqichini ishonch bilan o‘tkazib, har safar turnirga favorit sifatida tashrif buyuradi va final bosqichida muvaffaqiyatsiz ishtirok etadi. Angliya 1966 yilda o‘z uyida o‘tkazilgan jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan, 1990 yili to‘rtinchi o‘rinni egallagan, JCh-2002 va JCh-2006 turnirlaridagi ishtirok chorak finalda yakunlangan.

Angliya terma jamoasi to‘lig‘icha Angliya premer-ligasi vakillaridan iborat. Jamoaning asosiy hujumchilari Harri Keyn va Jyeymi Vardi, sardor «Tottenhem» safida yakunlangan mavsumda 30 gol urdi, Vardi 20 gol bilan kifoyalandi. 

2014 yilgi jahon chempionatida inglizlar guruhda qolib ketishgandi, 2016 yilgi Yevropa chempionatida Angliya nimchorak finalda islandlarga yutqazdi, shu o‘yindan keyin faxriylar Jo Hart va Ueyn Runi terma jamoadagi faoliyatini yakunlagandi.

Tunis terma jamoasi 2002 yildan buyon ilk marta jahon chempionatiga chiqqan. Tunisliklar hisobida jami 5ta mundial bor, ular biron marta ham guruhdan chiqa olishmagan. 40 yil muqaddam Argentinaning Rosario shahrida tunisliklar o‘z tarixlarida mundiallardagi yagona g‘alabani qo‘lga kiritishgandi, o‘shanda Meksika 3:1 hisobida mag‘lub etilgan. Shundan keyingi 11 uchrashuvda 4 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etilgan.

Tunis terma jamoasini mahalliy mutaxassis Nabil Maalul boshqarmoqda, terma jamoa sardori Saudiya Arabistonining «Al-Batin» klubining 33 yoshli darvozaboni Aymen Matluti hisoblanadi, eng mashhur futbolchisi «Renn» klubi a'zosi Vahob Hazri hisoblanadi.

Tunis va Angliya uchrashuvini kolumbiyalik Vilmar Roldan boshqarib boradi.

Mavzuga oid