Jahon | 12:41 / 20.06.2018
11569
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh ichki xavfsizlik vaziri meksikancha restorandan haydab chiqarildi

Foto: Handout/Getty Images

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi rahbari Kirsten Nilsenni Vashingtondagi meksikancha restoranda «Sharmanda!» deya baqirib kutib olishdi, shundan so‘ng u bu muassasani tark etishga majbur bo‘ldi. Bu haqda New York Post guvohlarning videosiga asosan xabar qilmoqda.

Faollar guruhi Nilsen bo‘lgan restoranga kelib, unga qarshi shiorlarni hayqira boshlashgan, ular orasida haqoratli so‘zlar ham bo‘lgani aytilyapti. Namoyishchilardan biri ota-onasi bilan ajratib qo‘yilgan migrantlar farzandlarining yig‘i ovozi yozuvini qo‘yib eshittirgan.

Shundan so‘ng vazir restorandan qo‘riqlash xizmati hamrohligida chiqib, avtomobiliga o‘tirgan. Nilsen vakilining xabar berishicha, mahkama rahbari «kechki ovqat paytida tashvishlanayotgan fuqarolar guruhi bilan uchrashgan».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp migratsiya siyosatidan darg‘azab bo‘lganlarga qarshilik ko‘rsatayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid