O‘zbekiston | 14:40 / 21.06.2018
45094
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘qituvchini hurmat qilmagan rahbarni men hurmat qilmayman» - Prezident 

Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida, 20 iyun kuni Xalq ta'limi vaziri etib tayinlangan Sherzod Shermatov boshchiligidagi yangi rahbariyat ishtirokida xalq ta'limi tizimi muammolariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Abdulla Aripov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta'lim tizimi bilan bog‘liq bir qator vazifalar qo‘yilganini ma'lum qilgan.

«Tizimni tubdan isloh qilishimiz kerak. Kecha shunaqa topshiriq bo‘ldi. Xalq ta'limi tizimi keyingi 27 yil davomida barbod bo‘lib bordi. O‘quv darsliklari umuman talabga javob bermaydi. Maktab bolalarining o‘zi xatolarni topib kelyapti.

Prezidentimiz jamiyatda o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish zarurligini gapirdi. 

Avval o‘qituvchining obro‘si yuqori bo‘lgan, hamma o‘qituvchi bo‘lishni istagan, bu kasb bilan faxrlangan. Afsuski biz keyingi yillarda o‘qituvchini xor qildik. Natijada maktablarda o‘qituvchi o‘quvchidan pul oladigan ahvol yuzaga keldi. Nima qilsin bechora?

Prezidentimiz «Videoselektor o‘tkaz, hammaga yetib borsin»,— dedilar. Prezidentimiz «O‘qituvchini hurmat qilmagan rahbarni men hurmat qilmayman»,— dedilar.

Yangi rahbariyat va OAV bu ishda bizga yordam berishi kerak», deya bosh vazirning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» manbasi.

Bundan avvalroq prezident maktablarni mahalliy hokimliklar tasarrufidan chiqarishga ko‘rsatma qilgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid