O‘zbekiston | 08:36 / 21.06.2018
7957
6 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatida jamoat tartibini saqlashni, huquqbuzarliklar profilaktikasini va jinoyatchilikka qarshi kurashishni samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limi negizida shaharni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar hududi doirasida kuchlar va vositalarni maqsadli joylashtirgan holda Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Muvofiqlashtirish boshqarmasiga quyidagi vazifalar yuklandi:

ichki ishlar organlari bo‘linmalari faoliyatini tahlil qilish, rejalashtirish va tashkil etish, mavjud kuch va vositalarni real yuzaga kelayotgan operativ va kriminogen vaziyatni hisobga olgan holda shahar hududining sektorlarga bo‘linishiga muvofiq doirada taqsimlash;

shaxsiy tarkibni, birinchi navbatda, barcha tarmoq xizmatlari va shahar ichki ishlar organlari bo‘linmalarining rahbarlarini joylarda aholi bilan bevosita ishlashga jalb etish;

xalq bilan manzilli muloqotni tashkil etish, fuqarolarning muhim muammolarini hal etishga har tomonlama ko‘maklashish, sektorlarga biriktirilgan davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlik qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini, jamoat tartibining samarali saqlanishini, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini va ularning oldini olishni, sodir etilayotgan jinoyatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirilishini ta'minlash.

Jizzax shahar ichki ishlar shahar bo‘linmalari Muvofiqlashtirish boshqarmasi ichki ishlar bo‘limlariga aylantirilsin, ularning rahbarlari zimmasiga bevosita sektorlar hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning natijadorligi uchun shaxsiy mas'uliyat yuklandi.

Belgilanishicha, ichki ishlar bo‘limlari rahbarlari quyidagi huquqlarga ega:

biriktirilgan hudud doirasida ichki ishlar organlariga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish;

shaxsiy tarkibni tarbiyalash va uning ishi samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

biriktirilgan hududda operativ va kriminogen vaziyat murakkablashganda, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda mavjud kuch va vositalarni joy- joyiga qo‘yish.

Quyidagilarga:

Muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga - unga yuklangan boshqaruv funksiyalari sifatli va to‘liq amalga oshirilishi, barcha kuchlar va vositalarni, shu jumladan, biriktirilgan kuchlar va vositalarni, Jizzax shahri ichki ishlar organlarining tarmoq xizmatlarini maqsadli taqsimlash va ulardan samarali foydalanish;

ichki ishlar bo‘limlari boshliqlariga - eng avvalo, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi sohasida ko‘riladigan chora-tadbirlarning pirovard natijasi, bo‘ysunuvchi shaxsiy tarkib bilan samarali tarbiyaviy ish olib borilishi, ular oldiga vazifalarning to‘g‘ri qo‘yilishi va yuklangan kundalik xizmat vazifalari bajarilishining amaliy nazorat qilinishi uchun shaxsiy mas'uliyat yuklandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligi viloyat ichki ishlar organlari faoliyati masalalari bo‘yicha har o‘n kunda aholi bilan, shu jumladan, mahalliy telekanallar orqali maxsus ko‘rsatuvlarni har oyda translyatsiya qilish yo‘li bilan ochiq muloqot o‘tkazadi;

Jizzax viloyatining barcha darajalardagi sektorlari rahbarlari har haftada bevosita joylarga tizimli asosda chiqib sektorning kamida uchta mahallasida aholining muhim muammolarini o‘rganadi, ularni hal etish yuzasidan amaliy chora- tadbirlar ko‘radi;

Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining yangi tayinlangan profilaktika inspektorini fuqarolar yig‘inlari va mahalla aholisiga tanishtirish majburiy tartibda tegishli sektor rahbari tomonidan amalga oshiriladi;

Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlarini zonalararo almashtirish, qoidaga ko‘ra, biriktirilgan mahalla hududida kamida besh yil ishlagandan keyin amalga oshiriladi.

Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalar bilan birgalikda:

biriktirilgan hududda yashaydigan oilalarni har kuni o‘rganish, keyinchalik oilalar har birining a'zolarini bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqqa zid xulq-atvor va xatti-harakatlar, birinchi navbatda, maishiy tusdagi xatti-harakatlar yuzasidan yakka tartibda diagnostika qilish, profilaktik tusdagi amaliy chora-tadbirlar ko‘rish;

mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilashning muhim omili sifatida aholining, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta'minlashga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklandi.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining matbuot guruhi Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining 3 nafar xodimdan iborat bo‘lgan axborot multimediya guruhiga aylantirildi, kreativ yondashuvlar asosida jinoyatlar va hodisalar to‘g‘risida xolisona ma'lumotlar bo‘lgan materiallarni, ichki ishlar organlarining ishi va ish natijalari to‘g‘risidagi axborotni tayyorlash hamda tele va radioefirlarga vaqti- vaqti bilan berishni, Internet tarmog‘iga joylashtirishni ta'minlash uning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Mavzuga oid