Jamiyat | 09:40 / 25.06.2018
26663
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobilni boshqarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni soddalashtirish taklif etildi

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida avtomobillarni boshqarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni soddalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish haqida petitsiya paydo bo‘ldi

“Ma'lumki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobillarni boshqarish uchun quyidagi hujjatlar zarur bo‘ladi: 

1) avtomobilning texnik pasporti; 

2) haydovchilik guvohnomasi va talon (talon faqat eski ko‘rinishdagi guvohnomalar uchun);

3) majburiy sug‘urta polisi. 

Shuningdek, agarda avtomobilga STG (gaz) o‘rnatilgan bo‘lsa, uning hujjati, avtomobil boshqa bir fuqaroga tegishli bo‘lsa - ishonchnoma, avtomobil yuridik shaxsga tegishli bo‘lsa, malaka oshirilganligi to‘g‘risida - sertifikat, agarda avtomobil haydovchining turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lsa, nikoh guvohnomasi, avtomobil yuridik shaxsga tegishli bo‘lsa, yo‘llanma qog‘ozi (putyovka) yoki ishonchnoma”, - deyiladi murojaatda.

Haydovchilar YHXB xodimlari ularni to‘xtatganda ushbu hujjatlarni taqdim etishi shart. Endi bir o‘ylab ko‘raylik, XXI asr yangi texnologiya va innovatsiyalar rivojlangan paytda qanday qilib, bir avtomobil uchun shuncha hujjat zarur bo‘lishi mumkin.

“Taklifimiz, avtomobil texnik pasporti orqa tarafiga maxsus QR-kod chop etilsin. YHXB xodimlari xizmat vazifasi paytida haydovchilarni to‘xtatganda faqat texnik pasport va yangi shakldagi (talonsiz) haydovchilik guvohnomasi taqdim etilsin. Maxsus qurilma orqali ushbu QR-kod tekshirilganda yuqorida keltirilgan barcha hujjatlar va avtomobilga tegishli oldingi qoidabuzarliklar uchun qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi va boshqa ma'lumotlar taqdim etilsin. Avtomobil to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlar aniq bir bazada saqlansin. Sug‘urta polisi va ishonchnoma avvalgi kuchida qoladi. “Faol tadbirkorlik, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash” yilida mazkur tizim yaratilsa, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarga barham berilardi”, - deyilgan murojaat matnida.

Mavzuga oid