Sport | 17:40 / 25.06.2018
18046
3 daqiqa o‘qiladi

Rahbariyat tomonidan «o‘zbek futboliga kerakmas»ga chiqarilgan Abramov qaytarildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi, «Traktor», «Lokomotiv» va «Neftchi» kabi jamoalarda ishlagan tajribali mutaxassis Vadim Abramov O‘FA tomonidan kechirildi va endi u professional faoliyatini davom ettirishi mumkin.

«Vadim Abramov bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murojaat bilan chiqqandi. Tashkilot Ijroqo‘mi uning arizasini o‘rganib chiqdi hamda Vadim Abramovga murabbiylik faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat berdi.

Mazkur mutaxassis mamlakat futboli uchun salmoqli mehnat qilgan. U erishgan natijalar hurmatga loyiq. Shu bilan birgalikda Vadim Abramov ham futbolchilar, murabbiylar va mutaxassislarni hurmat qilishi lozim.

Murabbiylar, klublar rahbarlari bitta jihatni to‘g‘ri tushunib olishi kerak. Bundan buyon futbol bedarvoza bo‘lmaydi. Har bir ish, har bir hatti-harakatning javobi bo‘lmog‘i lozim. Hozirda ham buni anglab yetmayotgan va o‘z xolicha ish olib borayotgan kishilar oramizda bo‘lishi mumkin. Kimdir futbolga gard yuqtirmoqchi bo‘lsa, unga oramizda joy yo‘q. O‘z ishini bilib, professional tarzda ado etish istagida bo‘lgan, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydigan kadrlar uchun esa barcha eshiklar ochiq.

O‘FA Vadim Abramovning kelgusi faoliyatiga omad tilaydi», deyilgan O‘FA matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Abramov 2017 yil dekabrida O‘FA tomonidan noma'lum muddatga futboldan chetlatilgandi. U belgilangan talablarni so‘zsiz ijro etmagani, OAVda O‘FA hamda PFL qarorlari noto‘g‘ri talqin qilgani uchun jazolangandi.

Keyinroq O‘FA sobiq prezidenti Umid Ahmadjonov Vadim Abramov kabi «eskicha fikrlaydigan»lar o‘zbek futboliga kerak emasligini aytdi.

«Vadim Abramovning eskicha fikrlashi zamonaviy futboldan ortda qolib ketgan. O‘ylashimcha, o‘zbek futboliga uning kabi insonlar kerak emas. Uning jamoasi 15-o‘rinni qo‘lga kiritib, Pro-Ligaga tushib ketgani uchun ham 16 jamoalik formatni qo‘llab-quvvatlayapti. Chunki quyi ligada ishlashni xohlamayapti. Nega endi vaqtliroq uyg‘onmadi? Agar ishining ustasi bo‘lsa, jamoasini qayta Super Ligaga olib chiqishga urinib ko‘rmaydimi? Ishlashni istamaysanmi, yoshlarga yo‘lni bo‘shat! U bilan kelishaversak, oldinga qadam tashlolmaymiz», degandi Ahmadjonov «Gazeta.uz» nashri bilan suhbatda.

Mavzuga oid