O‘zbekiston | 10:35 / 28.06.2018
6277
5 daqiqa o‘qiladi

«Bo‘yin tovlovchilarga» qarshi kurash qanday kuchaytiriladi?

Foto: Pixabay

Xronometraj, pasportlashtirish, reydlar, offshor zonalar bilan tuzilgan bitimlarni monitoring qilish, soliqqa oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish uchun veb-portal va elektron tizimlar – Norma davlat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qarshi qanday harakat qilishini ko‘rib chiqdi.
 
1. Xronometrajning roli oshadi. Unda tushum yoki xodimlar soni kamaytirilganligi aniqlansa, oxirgi hisobot davri uchun soliqlarni qo‘shimcha to‘lashga to‘g‘ri keladi. Kamaytirib ko‘rsatish takroran aniqlanganda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash deb malakalanadi.
 
Ma'lumot uchun: naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji – soliq nazorati shakli bo‘lib, bunda davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari joyning o‘zida soliq to‘lovchiga kelib tushayotgan pul tushumini kuzatadilar va qayd etadilar (Soliq kodeksining 71-moddasi).
 
Bunda soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi bo‘yicha jazoga olib keladi (jarima: fuqarolarga – 10 EKIHgacha, mansabdor shaxslarga – 15 EKIHgacha). 
 
2. Soliq to‘lovchilarning pasportlashtirilishi joriy etilmoqda. Uning natijalari bo‘yicha tuzilgan ko‘zdan kechirish dalolatnomasi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘ladi.
 
Ilgari statistika organlari ishlab chiqarish korxonalari va qurilish tashkilotlari uchun pasportlashtirishni joriy etganlar. 
 
3. Manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda quyidagilarni aniqlash yuzasidan qo‘shma reydlar o‘tkaziladi:

• soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar;
• yashirilgan soliq solish obektlari;
• noqonuniy olib kirilgan tovarlar yetkazilishi, saqlanishi va realizatsiya qilinishi;
• yashirin sexlar.
 
Ma'lumot uchun: reyd – soni cheklanmagan shaxslar (amalda «qo‘lga tushganlar») yuzasidan o‘tkaziladigan nazorat tadbiri (tekshiruv). Shu o‘rinda hozir reydlar Soliq kodeksining 67-moddasida keltirilgan soliq nazoratining shakllari ro‘yxatiga kiritilmaganligini qayd etib o‘tamiz. Soliq tekshiruvi shakllari va turlari ro‘yxatida ham reydlar ko‘rsatilmagan (Soliq kodeksining 85, 86-moddalari). Reydga eng o‘xshash soliq tekshiruvi turi – bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida bir martalik yig‘im, ijara to‘lovi to‘liq kelib tushishi va topshirilishini hisobga olish, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari, plastik kartochkalar orqali to‘lovlar qabul qilinadigan hisob-kitob terminallari qo‘llanilishi, shuningdek savdo va xizmatlar ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishi qismida o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruv. Bunday tekshiruvni o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda aniq soliq to‘lovchi ko‘rsatilmaydi, u nazorat xaridi o‘tkazilishini ham o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday qisqa muddatli tekshiruvlar o‘tkaziladigan holatlar ro‘yxati kengaytirilib, boshqa sohalarni ham qamrab olinadigan ko‘rinadi.
 
4. Offshor zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar bilan operatsiyalarni amalga oshiradigan soliq to‘lovchilarni monitoring qilish kuchaytiriladi.
 
Ma'lumot uchun: offshor zonalar – imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazish chog‘ida axborotning ochib berilishi va taqdim etilishini nazarda tutmaydigan davlatlar yoki hududlar. 
 
5. Soliq sohasida fuqarolar tomonidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi uchun, shu jumladan, ularga tadbirkorlik sub'yektlarining soliqqa oid huquqbuzarliklari to‘g‘risida xabar qilish imkonini beruvchi veb-portal ochiladi.
 
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda davlat soliq xizmati organlari ishonch telefonlaridan ushbu maqsadda foydalanadilar. 
 
6. Quyidagilar joriy etiladi:

• QQSni elektron boshqarish tizimi. Uning yordamida soliqlar yig‘iluvchanligini oshirish va insofsiz soliq to‘lovchilarni aniqlash maqsadida barcha aylanmalar zanjiri tahlil va nazorat qilinadi;
• onlayn NKMni avtomatlashtirilgan monitoring qilish tizimi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid