Jamiyat | 16:20 / 01.07.2018
37678
4 daqiqa o‘qiladi

Mardikor bozorlaridagi ayollarga qanday yordam beriladi?

Ayol mo‘'tabar, ayol muqaddas. Bunday so‘zlarni og‘zimizdan bol tomib ta'kidlaymiz doimo. Ammo, o‘zimizning ayollarimizga qay darajada e'tibor qaratmoqdamiz? Ularning baxti, sog‘lig‘i, ish faoliyati uchun yetarli sharoitlar yaratyapmizmi?

Joriy yilning 28 iyun kuni Toshkent shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari shaharning Qo‘yliq massivida mavjud bo‘lgan kunlik yollanma mehnatni tashkil etish shoxobchalaridagi (xalq tilida Mardikor bozor) ayollar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuv Qo‘yliq massivida joylashgan Nizomiy nomidagi universitet qoshidagi akademik litsey binosida bo‘lib o‘tdi. Ishsiz ayollar avval faollar zalida yig‘ilgandi, ammo ularning shikoyatlari, muammolari ko‘p bo‘lgani sababli alohida xonalarda viloyatlari bo‘yicha taqsimlandi. Xotin-qizlar qo‘mitasining mas'ul xodimlari ular bilan suhbat o‘tkazishdi. Suhbat natijasida bu ayollarning ko‘pchiligi muammolarini hal qilish qiyin bo‘lmasada, o‘zlarining huquqlarini bilmasligi natijasida shunday holatga tushib qolgani ayon bo‘ldi.

«Oilaviy holatim tufayli shu holatga tushib qolganman. Birinchi turmushim o‘xshamadi. Farzandlarim onamning qo‘lida qoldi. Sharoitim yaxshi holatda emas. Ishlashga majburman», deydi farg‘onalik ayol U. N.

Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot bo‘limi xodimasi Dilafruz Shukurovaning so‘zlariga ko‘ra, ishsizlikdan tashqari asosiy muammolar yana aylanib ajralishlar va uy-joy masalalariga borib taqalmoqda.

«Bu ayollarning aksariyati viloyatdan bo‘lib, qaysi viloyatdan ko‘p bo‘lsa, o‘sha viloyatning Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, kotibi, hokimiyat vakillari, Bandlikka ko‘maklashish markazi, ichki ishlar idoralari hamkorligida tegishlicha muammolar bilan o‘rganishlar olib bormoqda. Bu ishlardan keyin ayollarimiz xursand holatda, «haqiqat bor ekanku» deb chiqib ketishmoqda», deydi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmiddinova.

Shundan so‘ng, uchrashuvda qatnashayotgan qizlardan biri bilan suhbatlashdik.

«Menga o‘qishim, tadbirkorligimga yordam berishni va'da berishdi. Agar tadbirkorligimga yordam berishsa, o‘zimga o‘xshagan ishsiz yosh qizlarni ish bilan ta'minlayman», deydi surxondaryolik N. A.

Uchrashuvda ishtirok etayotgan Xotin-qizlar qo‘mitasining Xalqaro bo‘limi vakili Nodira Shotursunova Qo‘mita tomonidan bir necha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish yo‘lga qo‘yilayotgani haqida aytib berdi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning hisobot davrida Bandlikka ko‘maklashish markazi va Xotin-qizlar qo‘mitasiga 132 ming 982 nafar ishsiz ayol-qizlar murojaat qilgan va ro‘yxatga olingan. Shulardan yanvar-may oylarida 47 ming 987 nafariga doimiy ish o‘rinlari yaratib berilgan. Og‘ir turmush sharoitida yashovchi ayollarning ayniqsa, yosh xotin-qizlarimizning bandligini ta'minlash uchun dastur ishlab chiqilgan. Bunga asosan 10 ming nafar ayolning bandligini ta'minlash choralari belgilangan. 1 iyun holatiga ko‘ra 4521 nafar og‘ir turmush sharoitida bo‘lgan xotin-qizlar ish bilan ta'minlangan.

Uchrashuvda olib borilgan ochiq muloqotlar ayollarimiz taqdiriga ijobiy ta'sir qilishini umid qilamiz. Zero, ayollarimiz jamiyatimizning muhim bo‘lagi hisoblanadi. Ularning hayotdan ko‘ngli to‘q bo‘lishi mamlakatimiz kelajagi uchun poydevordir.

Bahodir Axmedov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid