Jahon | 22:22 / 05.07.2018
16384
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Tramp yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazadi

Foto: RIA Novosti / Mixail Klimentev

AQSh prezidenti Donald Tramp 16 iyulda Xelsinkida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazadi. So‘ngra kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv va amaliy lanch bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsman jurnalistlarga ma'lum qildi. 

Xantsmanning aytishicha, Tramp Xelsinkiga 15 iyulda keladi va kechki payt AQSh elchixonasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. 16 iyul ertalab Tramp Finlyandiya prezidenti bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.

Shundan keyin Tramp 16 iyul kechki payt AQShga qaytib ketadi.

Xantsmanning ta'kidlashicha, Tramp Putin bilan uchrashuv keskinlikni kamaytirishga va sermazmun hamkorlikka olib kelishiga umid bildirmoqda.

“Agar siz muammolar haqida gaplashmasangiz, uning yechimlarini topa olmaymiz. Prezidentning fikricha, Rossiya bilan yaxshi munosabatlar Amerika uchun ham, Rossiya uchun ham yaxshi bo‘ladi, biroq to‘p Rossiya tomonda. Prezident Rossiyani yomon niyatdagi harakatlari uchun javobgarlikka jalb qilishni davom ettiradi”, deb aytgan AQSh elchisi.

Elchining aytishicha, Tramp maqsad qilgan ustuvor vazifalar “Amerika xalqi va manfaatlari hamda ittifoqdoshlar va hamkorlar manfaatlarini himoya qilish”dan iborat. 

Xelsinkidagi uchrashuv ikki yetakchining sammitlardan tashqari ilk to‘liq formatli uchrashuvi bo‘ladi. Putin va Tramp birinchi marta bir yil avval G20 sammiti doirasida, keyinroq 2017 yil noyabrda Vetnamda OTIH sammitida uchrashishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid