Jahon | 20:08 / 06.07.2018
13715
3 daqiqa o‘qiladi

Pokistonning sobiq bosh vaziri sirtdan 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: Reuters/Dinuka Liyanawatte /Scanpix / LETA

Pokiston sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri Navoz Sharifni korrupsiya ayblovi bilan sirtdan 10 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Siyosatchiga qarshi tergov “Panama arxivi” chop etilgandan keyin boshlangan. Ushbu ish bo‘yicha o‘tgan Sharifning qizi va kuyovi mos ravishda 7 yillik va bir yillik qamoq jazosi olgan.

2016 yil aprelda “Panama hujjatlari” orasida Sharifning farzandlari Britaniya Virginiya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan va Londonda ko‘chmas mulkni boshqargan bir nechta ofshor kompaniyasiga yashirin ravishda egalik qilgani haqida ma'lumot bo‘lgan. Sharifning o‘zi esa barcha aktivlar qonuniy yo‘l bilan xarid qilinganini ta'kidlagan.

Muxolif partiyalar bu ko‘chmas mulk korruptsion pullarga xarid qilinganini gumon qilib, Sharifning iste'fosini va unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishini talab qilishgan. Oliy sud bosh vazirni iste'foga chiqarish uchun asoslar yetarli emasligiga qaror qilgan, biroq maxsus komissiyaga ushbu holat yuzasidan tergov olib borishni topshirgan.

Sharifning o‘zi parlamentga chaqirtirilgan va keyinchalik aniqlanishicha yolg‘on ko‘rsatmalar bergan. Oliy sud 2017 yil iyulda shu asosda Sharifni lavozimidan chetlatgan hamda unga va oilasiga qarshi tergov boshlashga ruxsat bergan. 

2017 yil oktyabrda Sharifga oliy sudga yolg‘on ma'lumotlar taqdim qilish va hujjatlarni qalbakilashtirish ayblovlari qo‘yilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, Sharif korrupsiya uchun 10 yillik va tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun yana bir yillik qamoq jazosi olgan. Hozirda Sharif va uning qizi rafiqasi davolanayotgan Londonda qolmoqda. Sharif hukm chiqarilishidan bir necha kun avval “qandaydir diktator emasligi va sudlardan qochib yurish niyati yo‘qligini” aytib, har qanday vaziyatda Pokistonga qaytishini va hukmni shaxsan eshitish uchun sud yig‘ilishining keyinga qoldirilishini so‘ragan. Biroq Sharif tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana olgan.

Sharif Pokiston bosh vaziri lavozimini 3 marta egallagan (1990-1993, 1997-1999 yillarda va 2013 yildan to lavozimidan chetlangungacha). U Pokistondagi eng mashhur siyosatchilardan biri hisoblanadi. Unga hukm chiqarilgan kun Islomobodda hukmga qarshi ommaviy namoyishlar yuz berishi mumkinligi sababli hamkorlik choralari kuchaytirilgan. Sharifdan keyin Pokiston vazirlar mahkamasiga uning ukasi Shohboz Sharif boshchilik qilgan.

Mavzuga oid