O‘zbekiston | 00:11 / 06.07.2018
31053
2 daqiqa o‘qiladi

Uzun tumaniga yangi hokim tayinlandi

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Xalq deputatlari Uzun tuman Kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida tuman Kengashi deputatlari, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, korxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi, deb xabar berilmoqda Surxondaryo viloyat hokimi E.Turdimovning Feysbukdagi sahifasida.

Yig‘ilishda tumanni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy baholanib, qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birga mavjud muammolarni yechish, odamlarni o‘ylantirib, tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal etish borasidagi vazifalar atroflicha tahlil qilindi. Qayd etilgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Tuman hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Otabek Normatov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Sherobod tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Yashin Xidirov Uzun tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Sessiyada so‘zga chiqqanlar tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanish borasida yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchilik va muammolar har tomonlama tahlil etilib, ularni hal etish yo‘llari, tuman faollari oldida turgan dolzarb vazifalar aniq ko‘rsatib berilgani, ana shu tanqidiy fikrlar, amaliy ko‘rsatmalar asosida ishni to‘g‘ri tashkil etib, hamjihatlik bilan mehnat qilish va ko‘zlangan marralarga erishish zarurligini alohida ta'kidladilar.

Mavzuga oid