Jahon | 13:10 / 08.07.2018
16560
2 daqiqa o‘qiladi

Millionlab yaponiyaliklarga yashash joylarini tark etish tavsiya qilindi

© REUTERS / Issei Kato

Yaponiyada 4,3 milliondan ortiq kishiga kuchli jala va uning oqibatida yuzaga kelgan suv toshqini va ko‘chkilar sababli yashash joylarini tark etish tavsiya qilindi.

Kiodo agentligining xabar berishicha, evakuatsiya tavsiyasi mamlakatdagi 47 prefekturadan 23tasida amal qiladi. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish va qutqaruv operatsiyalarini o‘tkazish uchun 54 mingdan ortiq politsiya, yong‘in xavfsizligi va mudofaa vazirligi xizmatchilari jalb etilgan.

Juma kuni Yaponiyaning markaziy va janubi-g‘arbiy qismlarida kuchli jala quydi. Yakshanba kuni Gifu prefekturasida 1050 millimetrdan ortiq, Exime prefekturasida 745 millimetr, Kiotoda 465 millimetr, Xirosimada 442 millimetr, Xyogoda 430 millimetr yog‘in yog‘di. Okayama prefekturasida uylarning ikkinchi va undan baland qavatlari suv ostida qoldi.  

Meteorologlarning taxminlariga ko‘ra, Yaponiyaning janubi-g‘arbiy va markaziy hududlarida soatiga 200 millimetrgacha yog‘ingarchilik yakshanba kuni ham davom etadi. Vayrongarchilik va suv toshqinlari haqidagi xabarlar kelishda davom etmoqda. Xirosima prefekturasida daryo ustidagi temir yo‘l ko‘prigini suv oqizib ketdi. Okayama prefekturasida odamlar uylar tomida yordam kutishmoqda.

Ayni paytga kelib 68 kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi behush holda va 59 kishi bedarak yo‘qolgan.

Mavzuga oid