Jamiyat | 09:45 / 09.07.2018
25880
8 daqiqa o‘qiladi

Noreal qarzdorlikning real muammolari...

Respublika ishchi guruhi Namangan viloyati, Norin tumanidagi «Suzoqovul» mahalla fuqarolar yig‘ini, Bo‘ston ko‘chasi 6-uyda yashovchi Shamsiddin Badalov xonadoniga kirib borganida ehtiyojmand oilaga ishlatilmagan gaz uchun 1 million 414 ming 318 so‘mlik qarzdorlik vujudga kelganidan yozg‘irib qolishdi.

Avvalo, birinchi talabnoma 2017 yil iyulda Norin tumani MIB boshlig‘i, adliya kichik maslahatchisi T.T.Dadamirzayev nomidan keladi. Unda abonent Shamsiddin Badalov talabnomani 5 kun ichida bajarmasa, iste'molchi gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilishi haqida ogohlantiriladi. 2014 yil 12 martda uzib qo‘yilgan gazning mantiqiy jihatdan qayta uzilishini tushunish qiyin. O‘sha kuni tuzilgan dalolatnomaga ko‘ra, qarzdorlik miqdori 110 ming so‘m deb qayd etilgan. Aynan ushbu dalolatnoma oilaning gaz tarmog‘idan uzilishiga asos qilib ko‘rsatilgan.

Vaholanki, oila gaz nazoratchilariga to‘lagan qator to‘lovi tuman gaz idorasi nazoratchilari tomonidan kompyuterga kiritilmagan, demakka kirim qilinmagan.

Albatta, uch yil ichida 110 ming so‘m penyasi o‘n barobardan ortiq tug‘masligiga oilaning oddiy a'zolari aqli yetib qoldi va tuman gaz idorasiga boradi.

— Boshlig‘iga kirdim. «Nega MIBga noto‘g‘ri ma'lumot berdingizlar, axir barcha to‘lovlarni vaqtida qilib borsak, 3 yildan buyon gazning o‘zi bo‘lmasa, qanday qilib 110 ming so‘m buncha o‘sib ketdi, deya so‘radim, — deydi oilaning kelini Gulbahor Mirzayeva emizikli bolasini qo‘liga ko‘targanicha. — «Men yaqinda kelganman, avvalgi boshliqlardan borib so‘ranglar. Kompyuterdan nima chiqqan bo‘lsa, shuni to‘lab qo‘yinglar», dedi.

To‘g‘ri, o‘shanda mablag‘ yo‘qligi sababli to‘lay olmaganimiz rost. Lekin kompyuterdan to‘lovlar jadvalini ko‘rsam million so‘mlik qarzdorlik o‘shandayoq shakllanib ulgurgan, bu haqda negadir bizga aytishmagan ekan. Bu millionlar qayerdan keldi. Nega bundan bizning xabarimiz yo‘q. Nega bu dalolatnomada o‘z aksini topmadi. Mana kvitansiyalarimizni o‘zingiz bir ko‘ring, Quvonch va Dilshod degan gaz nazoratchilariga qilgan to‘lovlarimiz kirim qilinmagan. 2013 yilda 270 ming so‘m to‘laganimiz, o‘rniga 65 ming so‘m jadvalda aks etgan. Boshqa yillarda ham shunday farqlar kelib chiqayapti.

— Oilada to‘qqiz jonmiz, — deya gapga qo‘shiladi oiladagi katta o‘g‘il Husniddin Badalov. — Imkonsizlik sababli hali darvozamiz ham yo‘q. Oshqozonim og‘rib, ancha kasalmand bo‘lib qoldim. Kasaba uyushmasidagilar baraka topishsin, ikki xonali uyimiz, ayvonimiz va uy fasadini ta'mirlab berishdi. MIBning 2018 yil 11 iyunda yuborgan qayta talabnomasi bizni tamoman gangitib qo‘ydi. Yemagan somsaga pul to‘lash juda alam qiladi. Alisher degan yigit kelib biz MIBdanmiz, agar to‘lovni vaqtida qilmasangiz, elektrni ham uzamiz deyishdi. Axir elektrdan qarzdorligimiz yo‘q, uni oshiqchasi bilan to‘lab qo‘ygan bo‘lsak. Qo‘rqdik, qo‘shnilardan qarz-havola qilib, 18 iyunda 740 ming so‘m ishlatilmagan gaz uchun haq to‘lab keldik. Iltimos, yordam beringlar, juda qiynalib qoldik.

Avvalo, tuman MIB idorasi rahbari, birinchi darajali yurist Husanali Qurbonovning aytishicha, MIB talabnomani osmondan olinmaydi, balki gaz idorasi taqdim etgan ma'lumot asosida shakllanadi.

— Lekin gazning qarzdorligi uchun elektrni uzib qo‘yish qonunga zid-ku?!

— Bu gapni aytgan xodim MIB xodimi emas, balki gaz idorasi vakili bo‘lsa kerak. Chunki tuman MIBida Alisher yo‘q. Tuman gaz idorasining injyeneri Akmal Vahobovga esa 33 holat bo‘yicha hujjatlarni qalbakilashtirish ya'ni qarzdor bo‘lgan shaxslarga «qarzdor emas» degan ma'lumotnomalar berish barobarida kompyuterda ularning qarzdorligini o‘chirmay kelgan. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuratura organlariga taqdim etganmiz.

O‘rganishlardan keyin Namangan viloyat gaz ta'minoti hududiy filiali Norin tuman bo‘limi boshlig‘i A.Toshboyev imzosi bilan 2018 yil 29 iyunda Suzoqovul MFY hududida yashovchi Sh.Badalov xonadoni 2018 yil 29 iyun holatiga ko‘ra foydalanilgan tabiiy gazdan qarzdorligi mavjud emasligi haqida 396-sonli ma'lumotnoma taqdim etildi va murojaatchi talabi ijobiy qanoatlantirildi. Tuman MIB idorasi rahbari Husanali Qurbonov qarzdorlikning qolgan qismini shaxsan o‘z yonidan to‘laganini va buni MIBning homiylik yordami deb yozsa bo‘lishini chuqur achinish bilan aytdi. Vaholanki, agar gaz idorasi xato qilgan bo‘lsa, fuqaro ortiqcha to‘lagan 740 ming so‘mdan 110 ming so‘mi eski qarzdorlik uchun ayirib tashlanib qolgan qismi fuqaroga qaytarib berilishi kerak edi-ku. Nega MIB rahbari qolgan qarzdorlikni o‘z yonidan to‘lashi kerak? 

Bir qarashda MIB gaz idorasi taqdim etgan hujjatni asos qilib fuqaroga talabnoma yuborgan. Ammo, nega 2017 yil iyulda yuborilgan dastlabki talabnoma ijrosi ta'minlanmagan va 2018 yil iyunda qayta talabnoma kelmoqda? Avval uzib qo‘yilgan gazni yana qayta uzib, jazolash mumkinmi? Quvurda oqma gazning o‘zi bo‘lmagan ekan qarzdorlik nega o‘sib ketdi, deb uni tekshirish kerak emasmidi? Fuqaro MIBning hududiy inspektoriga gaz idorasida ko‘rgach chog‘ida muammo va chigal vaziyatni yechishga yordam so‘rasa-da nega zarur choralar ko‘rilmagan? Gazdan «qarzi bor odam» nima sababli uni to‘lamasa, elektr chirog‘ini uzib qo‘yish bilan qo‘rqitilmoqda? Bunday vakolatni MIBning xodimi bo‘lmagan shaxs tomonidan aytilishi qonunga qanchalik mos? Nima sababdan MIB talabnomasini MIBning xodim emas yoki pochta idorasi orqali emas, ishni o‘zi rasvo qilgan gaz idorasi vakili tarqatib yuribdi? Nega bosh prokuror Otabek Murodovning shaxsan o‘zi uyma-uyma-uy, xonadonma-xonadon yurganida, fuqarolarni ish xonasida qabul qilib, muammolariga amaliy yechim topayotganida Norin tuman Majburiy ijro byurosi vakillari egnida prokuraturaning mo‘'tabar formasini kiyib, noreal qarzdorligi ochiq-ravshan ko‘rinib turgan muammoning yechimiga panja orasidan qaragan?

Yoki Namangan viloyati majburiy ijro byurosi gaz yoki elektr idorasi taqdim etadigan komyuterdagi qarzdorlik jadvallarini ko‘r-ko‘rona ijro etuvchi yugurdakmi? Yoki qanday qilib bo‘lsa ham va qancha bo‘lsa ham undirilgani hisobmi? Toshkentdan Respublika ishchi guruhlari kelib uyma-uy yurmasa, muammo ham yopiqliq qozonda qolib ketaverarmidi? O‘zi bir so‘m topa olmayotgan, ehtiyojmand va moddiy yordamga muhtoj oilani ichiga kirmasdan, ularning qiyinchiliklarini yurakdan his qilmasdan ko‘r-ko‘rona yondashuv MIBning taomilimi?

Unda Prezidentimizning «xalq ichiga kiringlar, odamlarning dardiga quloq solinglar va muammosini hal qilinglar, menga xonasida o‘tiradigan davlat xodimi kerak emas», deya qayta-qayta va hamma joyda aytayotgan fikrlari Norin tuman MIB idorasi rahbariga daxli yo‘qmi?

Laziz Rahmatov,

jurnalist

Mavzuga oid