Jamiyat | 17:36 / 09.07.2018
11143
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida ovqatni isrof qilganlarga jarima solish rejalashtirilmoqda

Foto: 9Gag

Saudiya Arabistoni maslahat kengashi ovqat isrofgarchiligi uchun jarima to‘lanishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda "Al-Arabiya" telekanali xabar berdi.
Hukumat qirollik bir necha yildan buyon aholi jon boshiga oziq-ovqat chiqindilari hajmi bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lib kelayotganidan tashvishlanmoqda.

Atrof-muhit, suv va qishloq xo‘jaligi vazirligining ma'lumotiga ko‘ra, bir saudiyalik yiliga o‘rtacha 250 kilo mahsulotni chiqitga chiqaradi. Jahon o‘rtacha ko‘rsatkichi esa yiliga 115 kiloni tashkil etadi. Oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan bunday munosabat davlat g‘aznasiga yiliga 13 milliard dollarga tushadi.

Telekanalning ma'lumot berishicha, qonun loyihasi Saudiya jamiyatida oqilona iste'mol madaniyatini shakllantirishni ko‘zda tutadi. Mazkur tashabbus mualliflari agar restoran mijozlari yeb tugatmagan ovqatlarning umumiy og‘irligi 1 kilodan oshsa ularga taom narxining 5 foizidan 20 foizigacha jarima solishni taklif etishmoqda. Agarda mijozlar oshib qolgan ovqatni o‘zlari bilan olib ketishsa jarima to‘lashmaydi. Bu ayniqsa to‘ylar, iftorliklar va mehmonxonalardagi shved stollari tashkilotchilariga taalluqli bo‘ladi. Odatga ko‘ra arab mezbonlar o‘z boyliklarini ko‘rsatish uchun mehmonlarni ko‘plab taom bilan siylashni xush ko‘rishadi. Ko‘pincha ovqatlar, meva-chevalar, desertlarning yarmidan ko‘prog‘i chiqindixonaga tashlab yuboriladi.

Jarimalardan tashqari umummilliy oziq-ovqat bankini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu bank oziq-ovqatlarni yig‘ish va kam ta'minlanganlarga tarqatish bilan shug‘ullanadi. Shu yilning o‘zida xayriya tashkilotlari restoran va mehmonxonalardagi ortib qolgan oziq-ovqatlarni 2,5 ming oilaga tarqatgan.

Mavzuga oid