O‘zbekiston | 18:19 / 13.07.2018
6962
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat boshqaruvining alohida tartibi tajriba sifatida sinovdan o‘tkazila boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Adliya vazirligining mas'ul xodimlari tomonidan “Mirzo Ulug‘bek tumanida eksperiment tariqasida davlat boshqaruvining alohida tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi Kengash qarori loyihasi tayyorlandi va u Xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tumani Kengashi tomonidan tasdiqlandi. 

Qarorga muvofiq tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatildi hamda tuman hokimining kapital qurilish, obodonlashtirish va transport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman hokimining uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda tuman hokimi apparati rahbari lavozimlari joriy etildi.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Tuman iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bo‘limi, tuman hokimligi moliya bo‘limi, tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi va tuman qurilish bo‘limi tuman hokimi apparati tuzilmasiga kiritildi.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi apparati boshqaruv xodimlarining umumiy soni 79 nafardan iborat bo‘lgan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Ta'kidlash kerakki, hokimlikning avvalgi tashkiliy tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy soni 23 nafarni tashkil etgan edi.

Tuman hokimi apparatining tasdiqlangan tashkiliy tuzilmasiga tuman byudjyetining tasdiqlangan parametrlari doirasida Toshkent shahar hokimi bilan kelishilgan holda xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Loyiha mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tuman hokimiga tuman mahalliy byudjyeti daromadlari prognozining ortig‘i bilan bajarilgan qismi hisobidan tuman hokimi apparati hamda davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘limlari xodimlari lavozim maoshlariga, ular faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra, lavozim maoshining 200 foizigacha ustama belgilash huquqi berildi.

Bundan tashqari, Xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tumani Kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan ta'minlash maqsadida Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi 3 nafar xodimdan iborat Kengash kotibiyati tashkil qilindi.

Kotibiyat faoliyatiga Kengash a'zolari orasidan saylanadigan deputat – Kengash kotibi rahbarlik qiladi.

Mazkur qaror bilan mahalliy byudjyetga yo‘naltiriladigan bir qator qo‘shimcha tushumlar ham belgilab berildi.

Tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari ishtirokida tuzilgan ko‘plab komissiyalar (kengashlar) tugatilib, ularning vazifa va funksiyalari tegishli davlat organlari zimmasiga yuklatildi.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Belgilangan bu kabi vazifalar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan yaxshilash, hududdagi mavjud muammolarni hal qilishda ularning rolini oshirish, shuningdek, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ijro etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Mavzuga oid