O‘zbekiston | 09:19 / 14.07.2018
20141
4 daqiqa o‘qiladi

NATO yetakchilarining bayonoti O‘zbekiston rahbari murojaati bilan to‘liq hamohang

Foto: Ian Langsdon/EPA

2018 yilning 11-12 iyul kunlari Bryusselda NATOning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi va unda Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkilotiga a'zo 29 mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishdi.

Unda alyansning joriy kun tartibi masalalari muhokama etilishi bilan birga, Afg‘oniston Islom Respublikasida tinchlikni tartibga solish istiqbollariga ham alohida e'tibor qaratildi.

Sammit ishtirokchilari «Keskin madad» missiyasi bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilishdi va unda shu yilning 28 fevralida bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonda xavfsizlik sohasida tinchlik va hamkorlikka bag‘ishlangan Kobul jarayonlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 26-27 mart kunlari Toshkentda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish muammolariga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» konferensiyasi yakunlarini alohida e'tirof etishdi.

NATOga a'zo davlatlar yetakchilarining bayonoti O‘zbekiston rahbarining Afg‘onistonda vaziyatni siyosiy jihatdan tartibga solish va uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarni jalb qilish siyosati va xalqaro tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan tan olinganining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi. 2018 yilning 22 iyunida qabul qilingan BMT Bosh Assableyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasida ham Afg‘onistondagi mojarolarni uzil-kesil hal qilish ishida Toshkent konfrentsiyasining muhimligi ham alohida qayd etilgan.

Ma'lumki, Toshkent konferensiyasi ishida ko‘plab boshqa mehmonlar qatorida NATOga a'zo ko‘plab davlatlarning vakillari, shuningdek, alyans bosh kotibi yordamchisining o‘rinbosari ham ishtirok etgan edi. Mazkur forum Afg‘onistonda afg‘on rahbariyati va xalqining o‘zi tomonidan amalga oshirilayotgan milliy yarashuv jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashda jahon hamjamiyati sa'y-harakatlarini jipslashtirishga ko‘maklashuvchi burilish voqeasi bo‘lgan edi.

O‘zbekiston rahbariyati tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlanayotganligi shu bilan tushuntiriladiki, uchrashuv qatnashchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi Afg‘onistonda tinchlik jarayonlarini ilgari surish bo‘yicha mintaqiviy va global darajada birgalikdagi harakatlar uchun siyosiy asos hamda mustahkam xalqaro murosa ko‘rsatkichi bo‘ldi.

O‘zbekiston poytaxtida o‘tgan konferensiya doirasida hosil bo‘lgan siyosiy muhit «Toshkent ruhi» deb ataldi va Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan jarayonlarga jalb etilgan barcha tomonlar o‘rtasida konstruktiv muloqotlar faollashishi uchun rag‘bat uyg‘otdi.

O‘zbekiston boshqa davlatlarning Afg‘onistonda milliy yarashuvni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan va tinchlik jarayonlariga ko‘mak berish, bu mamlakatda barqarorlikka erishish, shuningdek, uning ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklanishi bo‘yicha boshqa davlatlar va tashkilotlarning sa'y-harakatlari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent forumida qilgan chiqishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlari va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishda yetakchi qudratli davlatlar hamda donor tashkilotlari tomonidan prinsipial siyosiy qo‘llab-quvvatlashni ta'minlash o‘ta zarurligini ta'kidlab o‘tgan edi.

NATO yetakchilarining Bryusselda shu yilning 12 iyulida afg‘on mojarosiga milliy murosa asosida siyosiy yechim topishga erishish zaruriyati va muhim yechimlar bo‘yicha bayonoti O‘zbekiston rahbarining jahon hamjamiyatiga murojaati bilan to‘liq hamohangdir.

Mavzuga oid