Jamiyat | 08:17 / 21.07.2018
230611
3 daqiqa o‘qiladi

Aktrisa Farangiz Rejametova vafot etdi

Iste'dodli aktrisa Farangiz Rejametova (Jamolxonova) hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda jurnalist Shohira Hamro Facebook’dagi sahifasida xabar bergan.

Jurnalistning bildirishicha, Farangiz Rejametova avtohalokat sabab vafot etgan. 

“O‘lim yosh tanlamas ekan. Fojia qachon, qay mahal boshingga kulfat yog‘dirishini bilmas ekansan. Bugun kutilmagan avtofalokat hammamiz tanigan, "Oyijon" filmidagi rolidan keyin sevib qolgan iste'dodli aktrisa, Farangiz Rejametova (Jamolxonova)ni oramizdan olib ketdi. Bu kun uning hayotiga nuqta qo‘yilgan kun bo‘lib qoldi. Bu gaplarni yozayapmanu... Farangizning bolaligidan to shu kunga qadar tanigan, bilgan chog‘larim ko‘z oldimdan o‘tayapti. Biz u bilan o‘tgan hafta xuddi shu kuni Samarqandda, "Saxovat-shou" ko‘rsatuvida s'yomkada edik. U bilan Farangiz hali juda kichkinaligida, Milliy teatr tarkibida, Moskvada ham gastrolda bo‘lganmiz. U kichkinaligidanoq juda mustaqil qizaloq edi. Ko‘zlarida bir dunyo orzu-umidlar bor edi. Fotima Rejametova... onasi... o‘sha bir hafta ilgari ularning xuddi dugonalardek bir-birlariga bo‘lgan munosabatlarini ko‘rib... havas qilgandim. Ichimda "Fotima qiziga juda suyanib qolibdi" - deya o‘ylaganlarim esimda. Fotimaga tog‘dek sabr tilayman... bu dardni yengish og‘ir... hech kim bolam demasin... Farangizjon, hur qizim... joylaring jannatda bo‘lsin! 

Rulda ketayotib, dunyo qo‘limda deb o‘ylaydiganlar, xudo sizga insof bersin! Bir oilani to‘zg‘itib ketganingizni bilasizmi? Agar siz rulda hushyorroq bo‘lganingizda, Farangiz hozir uyida shirin tushlar ko‘rib uxlab yotgan bo‘lar edi...”, - deya yozgan jurnalist. 

Ma'lumot uchun, Farangiz Rejametova marhum aktyor To‘g‘on Rejametovning nabirasi, aktrisa Fotima Rejametovaning qizi sanaladi.

KUN.UZ tahririyati marhumaning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.

Mavzuga oid