11:00 / 22.07.2018
15423

Yevroittifoq va AQSh o‘rtasida savdo urushi boshlangani ma'lum qilindi

©RIA Novosti/Aleksey Vitvitskiy

Fransiya iqtisodiyot va moliya vaziri Bruno Le Mer AQSh va Yevropa o‘rtasidagi savdo urushi boshlanganini bildirdi.

«Yigirmatalik guruhi»dagi barcha savdo urushi bu haqiqat ekanligini va jahondagi o‘sish uchun tahdid mavjudligini anglab turibdi», — deya iqtibos keltirmoqda Reyter agentligi Buenos-Ayresdagi «moliyaviy yigirmatalik» yig‘ilishida nutq qilgan Le Merdan.

Europa Press agentligining xabar berishicha, vazir AQSh muloqot uchun birinchi qadamni tashlashi kerakligini, busiz Yevroittifoq o‘z takliflarini shakllantira olmasligini qayd etgan. 

«Men AQShdan sog‘lom fikrlashga qaytishni va global qoidalarni hamda ittifoqchilarni hurmat qilishini so‘rayman», — degan Le Mer.

U shuningdek, agar Vashington Yevropa mahsulotlariga yangi bojlar joriy etadigan bo‘lsa, Yevropada javob choralari kiritishdan boshqa yo‘l qolmasligini hamda Vashington alyuminiy va po‘lat importiga qo‘ygan bojlaridan voz kechmagunicha YeI AQSh bilan erkin savdo xususida muzokara olib bormasligini bildirgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Yevroittifoqdan keltiriladigan avtomobillarga keng miqyosdagi bojlar joriy etish bilan tahdid qilgandi. Yevrokomissiya esa o‘z navbatida bu bojlar kiritiladigan bo‘lsa, o‘z javob choralarini tayyorlab qo‘ygan.

Top