O‘zbekiston | 10:10 / 24.07.2018
7781
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga qabul test sinovisiz amalga oshirildi

Foto: Ichki ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi 2018/2019 o‘quv yili uchun kunduzgi ta'lim shakliga qabul maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali kirish test sinovlarisiz amalga oshirildi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yilgan edi.

Mutaxassislarning aytishicha, yangi tizim qator afzalliklarga ega. Ya'ni, ilgarilari test natijasida tashqi ta'sirlar asosida o‘zida hech qanday qobiliyati bo‘lmagan, ota-onaning havoyi orzulari qurboniga aylangan o‘smir ham ichki ishlar tizimi kursantiga aylanishi mumkin bo‘lib, bunday kadrlar mamlakatning taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘lib kelayotgan edi. Chunki talabgorning ichki hissiyoti va qobiliyatini test sinovlari orqali aniqlashning imkoni mavjud emas edi. Endilikda yoshligidan ichki ishlar tizimida ishlash, el-yurt va vatan hurmatiga sazovor bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan va shunga ham jismonan, ham ma'nan tayyorgarlikka ega bo‘lgan yoshlargina qabul imtihonlariga mas'ul kommisiya a'zolari tomonidan saralab olindi.

Bu yilgi qabul jarayoni uch bosqichli tanlov asosida o‘tkazildi. Birinchi bosqich dastlabki tanlov bo‘lib, joylarda hujjatlar, nomzodni o‘rganish, uning o‘z kasbga loyiqligi tegishli talablar asosida o‘rganildi. Ikkinchi bosqichda esa maxsus kasbiy tanlov sinovlari, ya'ni tibbiy ko‘rik, psixo-fiziologik o‘rganish, yozma ish, jismoniy tayyorgarlik va chet tili imtihonlari o‘tkazildi. Bu bosqichda psixo-fiziologik o‘rganish davomida talabgorning shu kasbga ruhiy jihatdan yaroqliligi masalasi o‘rganilgani diqqatga sazovordir. Faqatgina ruhiy jihatdan sog‘lom emas, aksincha boshqalarga nisbatan ruhiy chiniqqan va ruhiy ustunlikka ega bo‘lgan shaxslarning saralab olinishi kelgusida soha xodimlarining xalq bilan muloqot qilishi, mavjud muammolarni tezkorlik va aniqlik bilan to‘g‘ri hal qila olishi imkonini yanada oshiradi. Uchinchi bosqichda abituriyent bilan individual suhbat o‘tkazildi. Abituriyentlarni saralash jarayonining shaffofligini ta'minlash maqsadida butun jarayon videotasvirga olindi.

«Men va men kabi farzandining muvofaqiyatidan mamnun ota-onalar nomidan aniq aytishim mumkinki, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga qabul jarayonlari ochiq va shaffoflik prinsiplari asosida olib borildi. Talabgorlar orasidan eng ixtidorli va ichki ishlar tizimida faoliyat olib borishga munosib nomzodlarni saralab olishga xizmat qiladi», dedi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi o‘qishga qabul qilingan farg‘onalik kursantlar ota-onalar nomidan Odiljon Abdumalikov. 

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga yangi tizim asosida 633 kishi qabul qilindi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid