O‘zbekiston | 23:45 / 24.07.2018
5168
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashda Qirg‘iziston bilan kelishuvga erishildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qirg‘iziston hukumati huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish davlat xizmati  bilan mazkur yo‘nalishdagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lum qildi.

23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentida Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlraga qarshi kurashish davlat xizmati (IJQKDX) raisi B.Tairov boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, IJQKDX delegatsiyasi Departament boshlig‘i A.Mavlonov bilan bo‘lgan uchrashuvda, Departamentning iqtisodiyot sohasida davlat manfaatlarini ta'minlash, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash, korrupsiya, jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohalaridagi ishlari hamda faoliyatining boshqa ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishdi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Ma'lum qilinishicha, uchrashuv davomida tomonlar Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 oktabrdagi O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Toshkent shahrida imzolangan idoralararo hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashishdi.

Xususan, faoliyatning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha birgalikdagi tadbirlarni tashkil etish, tematik tadqiqotlarni o‘tkazish, transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash va boshqa o‘zaro manfaatli masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan Kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasini imzolashdi.​

Mavzuga oid