Jyeff Bezos siri: u nima uchun raketalarga milliardlab dollar sarflamoqda?
Amazon kompaniyasi asoschisi va rahbari Jyeff Bezos bu yil rasman dunyoning eng boy kishisi, deb e'tirof etildi.
So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, Jyeff Bezosning boyligi 150 mlrd dollardan oshgan. Oxirgi marta bunday katta boylikka ega bo‘lgan shaxs XVI asrda yashagan Yakob Fugger-kichkina hisoblanadi. Bezos o‘z pullarini raqobat iqtisodiyoti doirasida ishlab topgan eng boy insondir.
U 1994 yilda Cadabra kompaniyasiga asos solgan, bir yildan so‘ng Amazon deb nomlagan paytda unda g‘oyadan boshqa hech narsa yo‘q edi. Uning ofisida eshiklardan yasalgan stollar turardi – uning stol sotib olgani puli yo‘q edi. Ish shungacha yetib borganki, uning kompaniyasiga yoshi bir joyga borib qolgan ota-onasi nafaqalarini tikib investorlik qilishgan.
«Afsuslarni kamaytirish strategiyasi»
Cadabra/Amazon kompaniyasini yaratish g‘oyasi ham juda oddiy edi. IT-muhitdan chiqqan Bezos 1994 yil mayda internetdan foydalanishning o‘sishini o‘lchaydigan saytga kiradi. Bir yil ichida yillik o‘sish 2300 foizni tashkil etganini ko‘rgan tadbirkor bu sohada savdolar ham tez o‘sishini taxmin qiladi.
U tajriba sifatida pochta orqali mahsulot sotishni sinab ko‘radi. O‘sha paytlarda eng oqsoq soha kitob savdosi edi. Ehtimoliy xaridorlarga taklif qilish uchun katta-katta kataloglarni yuborishga to‘g‘ri kelardi. Bezos internet-savdoni aynan raqobat yo‘q joydan boshlashga qaror qildi – bu borada kitoblar eng yaxshi qaror edi. Qalin kitoblar katalogini pochta orqali jo‘natish qimmatga tushardi, ammo internetda joylashtirish suv tekin edi.
So‘ngra Bezos bu uslubni Amazon kirib borgan barcha sohalarda qo‘lladi. Uning kompaniyasi ustuvor bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishni izlab topardi.
Amazon boshqa kompaniyalardan bozor tanlash va uni zabt etish uslubi bilan farq qilardi. Uning rivojlanish strategiyasi butkul boshqacha edi. Gap Bezos o‘ylab topgan regret-minimization framework haqida bormoqda.
«Afsuslarni kamaytirish strategiyasi» bo‘lajak milliarderga biznesni yirik mablag‘siz yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. U biznesdan olingan pulni uni yanada rivojlantirishga sarfladi. Bezosning kompaniyasi ilk choraklik daromadga 2001 yilda erishdi – 5 mln dollar daromad ko‘rdi. Amazon 2003 yilda – ish boshlaganidan deyarli o‘n yil o‘tgach yillik daromad ko‘rdi. Buning ustiga, Amazon muntazam ravishda foyda ko‘rmagan, bir necha yil zararga ishlagan (xuddi shu strategiyani keyinroq Ilon Mask Tesla bilan bog‘liq vaziyatda qo‘llagan). Avvaliga yalpi daromad boshqa mahsulotlar sotuvini tashkillashtirishga sarflandi. Keyin esa pullar Amazon bulutli servisini rivojlantirishga yo‘naltirildi.
Yer torlik qilganda
2016–2017 yillarga kelib Amazon barcha yo‘nalishlarda o‘sishning eng yuqori nuqtasiga yetib kelgani alomatlari ko‘rina boshladi. Bozorlar yoki u tomonidan yoki Alibaba’ga o‘xshagan mahalliy raqobatchilar tomonidan egallab bo‘lingandi. Bulutli servis ham o‘sishdan to‘xtadi. Natijada 2017 yilga kelib daromadni reinvestitsiya qiladigan yo‘nalishlar deyarli qolmadi. 2017 yilning to‘rtinchi choragida kompaniya 1,86 mlrd dollar daromadga erishildi.
Ammo Jyeff Bezos buni yirik muvaffaqiyat deb hisoblashdan yiroqda. U har yili Blue Origin kompaniyasini moliyalashtirish uchun Amazon’ning milliard dollarlik aksiyalarini sotadi. U bu kompaniyani 2000 yilda turistlarning koinotga parvozlarini amalga oshirish uchun tashkil etgan. Bezos hozircha bu yo‘nalishda daromad olishning istiqboli ko‘rinmasa-da, unga milliardlab dollar sarfladi. U nega bu ish bilan shug‘ullanmoqda?
Javob esa oddiy. Bezos hozir ham xuddi bundan chorak asr avval bo‘lgani kabi mutlaq yangi imkoniyatni his qilmoqda. O‘sha paytda bu imkoniyat internet bo‘lgan bo‘lsa, hozir xususiy koinot. Amazon asoschisi «koinot» bozoriga dastlab raketalar bilan emas, balki BE-4 raketa dvigatellari bilan kirib keldi. Blue Origin bugungi kunda foydalaniladigan barcha dvigatellardan farq qiladigan kislorod-metan dvigatellari ishlab chiqaradi. 1994 yilda bo‘lgani kabi u raqobatchilaridan ustunroq bo‘ladigan yo‘nalishni topmoqchi.
Blue Origin BE-4 dvigatellaridan faqatgina o‘zining New Glenn raketalarida foydalanmoqchi emas. U bu dvigatellarini ULA (United Launch Alliance) konsorsiumiga sotishni rejalashtirgan. 2020 yilga kelib Rossiyaning RD-180 dvigatellari o‘rnini uning dvigatellari egallaydi.
Yangi jang maydoni
Bir qarashda Bezos koinot sohasiga ancha kech qadam qo‘ygandek ko‘rinadi. Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bozorning asosiy qismini egallab olgan. Koinotga 45 tonnagacha foydali yuklarni olib chiqa oladigan New Glenn raketasi 2020 yilda tayyor bo‘ladi, Mask esa bu vaqtga kelib o‘zining Falcon 9 raketalarini metan dvigatellarga o‘tkazmoqchi.
Bugungi kunda OneWeb va Starlink kabi global internet loyihalari yo‘lga qo‘yilganidan keyin ham koinotga tijorat parvozlari bozorida bo‘sh joylar ko‘p bo‘ladi. Birgina SpaceX yuzlab, minglab sun'iy yo‘ldoshlarni koinotga olib chiqishi amrimahol. Shunday ekan, Bezosning biznes imperiyasi hali-beri inqirozga uchramaydi.
Mavzuga oid
12:00 / 30.10.2024
AQSh Davlat departamenti Daniyaga "havo-havo" raketalarini sotishni ma’qulladi
09:20 / 08.10.2024
Odessada RF raketasi fuqarolik kemasiga borib urildi
09:10 / 24.09.2024
G7 BMTda Kiyevga uzoq masofali raketalarga ruxsat berish masalasini muhokama qiladi
13:25 / 23.09.2024