Jahon | 16:49 / 27.07.2018
8074
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston KXShT bosh kotibi hibsga olinishini talab qildi

Foto: Mixail Mettsel/TASS

Armaniston Maxsus tergov xizmati Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) bosh kotibi general-polkovnik Yuriy Xachaturovga ayblov qo‘ydi va uni hibsga olishni talab qildi. Bu haqda Maxsus tergov xizmati saytida xabar berilgan.

Xachaturov Armaniston Jinoyat kodeksining 300-moddasi («Konstitutsion tuzumni boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirgan holda ag‘darib tashlash») 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanmoqda. Maxsus tergov xizmati KXShT bosh kotibiga nisbatan qamoqqa olish ko‘rinishidagi ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha sudga murojaat qildi.

26 iyul kuni Xachaturov 2008 yil 1-2 martida Yerevan shahrida sodir bo‘lgan hamda o‘n kishining halok bo‘lishiga olib kelgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha ish doirasida guvoh sifatida so‘roqqa chaqirildi. Shu kuni Maxsus tergov xizmati 1998-2008 yillarda Armanistonni boshqargan sobiq prezident Robert Kocharyanni hibsga olish talabi bilan sudga murojaat qildi.

2008 yil mart oyi boshida Kocharyan mamlakatda favqulodda holat e'lon qildi. Bu 2008 yilgi saylovlarda ishtirok etgan, ammo mag‘lub bo‘lgan Armanistonning birinchi prezidenti Levon Ter-Petrosyanning ko‘chalarga chiqqan tarafdorlarini tarqatib yuborish maqsadida qilingan. Ter-Petrosyan va uning tarafdorlari ovozlarni qayta sanash talabini qo‘yganlar. Mitinglar rasmiylar tomonidan bostirilgan ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi. Halok bo‘lganlar orasida ham muxolifat tarafdorlari, ham huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bor edi.

Yuriy Xachaturov 2008 yilda Armaniston qurolli kuchlarining Yerevan garnizoniga qo‘mondonlik qilgan va 1-2 mart kunlari namoyishlarni tarqatish ishlariga rahbar bo‘lgan. U KXShT bosh kotibi lavozimiga 2017 yilda tayinlangan.

Mavzuga oid