O‘zbekiston | 19:04 / 27.07.2018
8414
4 daqiqa o‘qiladi

Texnik reglamentlarni buzganlik uchun 10 EKIHgacha jarima joriy etildi

Foto: KUN.UZ

20.07.2018 yildagi O‘RQ–485-son Qonun bilan texnik reglamentlarni buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik joriy etildi.
 
Eslatib o‘tamiz, «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq, texnik reglamentlar – texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjat. Ular 2 xil bo‘ladi:
 
• umumiy texnik reglamentlar – bir turdagi mahsulotlar va xizmatlar guruhi xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilaydi (Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi);
• maxsus texnik reglamentlar – umumiy texnik reglamentda nazarda tutilmagan mahsulotlar va xizmatlar ayrim turining xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilaydi (O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, shuningdek boshqa davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tasdiqlanadi).
 
Norma’ning yozishicha, standartlardan farqli ravishda texnik reglamentlar torroq hujjat hisoblanadi, sababi faqat mahsulot xavfsizligini ta'minlashga yo‘naltirilgan va, aytaylik, sifat masalalariga daxl etmaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘proq erkinlik berish maqsadida «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunning 22-moddasida standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar o‘rniga texnik reglamentlarni joriy etish yo‘li bilan ulardan sekin-asta voz kechish nazarda tutilgan.
 
Bunda 2009 yilda «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan paytdan buyon texnik reglamentlarni buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanmagan edi. MJTKning 212-moddasi bo‘yicha faqat standartlarga rioya etmaganlik uchun jazolardilar. Endi kamchilik to‘ldirilib, moddaning amal qilishi texnik reglamentlarga ham tatbiq etiladigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, mazkur modda bo‘yicha fuqarolar uchun jarima miqdori 3 EKIHgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 10 EKIHgacha etib belgilanishi mumkin.  
 
Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni quyidagilar ko‘rib chiqadi:

• texnik reglamentlar, standartlar va o‘lchash vositalarini nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosh davlat inspektori, viloyatlar, Toshkent shahar bosh davlat inspektorlari va ularning o‘rinbosarlari – 7 EKIHgacha miqdordagi jarimani qo‘llagan holda;
• texnik reglamentlar, standartlar va o‘lchash vositalarini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspektorlari – 3 EKIHgacha miqdordagi jarimani qo‘llagan holda.
 
Shu tariqa, 10 EKIH miqdoridagi eng yuqori miqdordagi jarimani ular tayinlay olmaydilar. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida huquqbuzarlik sodir etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) ularning xodimlari, tadbirkorlik sub'yektlari – yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari va (yoki) boshqa xodimlari yuzasidan ish ko‘rilayotganda 7 EKIHdan ortiq miqdordagi jarimani ma'muriy sud tayinlashga haqli.
 
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning muhofaza obekti sifatida texnik reglamentlar MJTKning 126-moddasiga(ko‘zgusimon va tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) nostandart oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish), 152-moddasiga (radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish) va 173-moddasiga (standart talablariga yoki texnik shartlarga javob bermaydigan yonilg‘i-moylash materiallarini realizatsiya qilish) ham kiritildi. 
 
Qonun 21.07.2018 yilda e'lon qilingan, mazkur o‘zgartirishlar 3 oy o‘tgach (21.10.2018 yilda) kuchga kiradi.

Mavzuga oid