Sport | 07:26 / 28.07.2018
79101
4 daqiqa o‘qiladi

G‘ofur Rahimov Milliy olimpiya qo‘mitasiga bordi

27 iyul kuni Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Uni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov kutib oldi.

Foto: MOQ axborot xizmati

«Bilasiz, AIBA jahonda uchinchi yoki to‘rtinchi o‘rinda turuvchi sport federatsiyasi hisoblanadi. Boks butun dunyoda yaxshigina rivojlanib ketgan. Havaskorlar o‘rtasida ham, professionallar o‘rtasida ham turli musobaqalar tashkil qilib kelinmoqda. Yangi musobaqalarga asos solyapmiz. Aralash yakkakurash bo‘yicha yangi yo‘nalishni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritmoqchimiz. Unda ikki nafardan erkak va ayol o‘rtasida bahs kechadi. Bu qiziqarli sport musobaqasi bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: MOQ axborot xizmati

O‘zbekistonda sportga qiziqish doimo yuqori darajada bo‘lgan. O‘zbek zamini jahonga ko‘plab kuchli va yulduz sportchilarni taqdim etgan. So‘nggi ikki yilda esa sportga, yoshlar bilan ishlashga e'tibor juda oshdi. So‘nggi bir yilning o‘zida O‘zbekistonda sport sohasida, umuman jismoniy tarbiya ta'limi va Olimpiya harakatida inqilobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Albatta, bu o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarning muhim bir yo‘nalishidir.

Men xizmat safarlari bilan ko‘p mamlakatlarda bo‘laman. U yerda meni o‘zbek ekanligimni bilishgach, O‘zbekistonda yuz berayotgan katta o‘zgarishlardan xursand ekanliklarini izhor qilib, mamlakatimiz rahbari tomonidan qisqa muddatlar ichida amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarni alohida e'tirof etishadi. Shunday paytlarda men o‘zbek ekanligimdan faxrlanib ketaman. Prezidentimiz har bir o‘zbekistonlik uchun namuna va ibrat timsolidir.

Mamlakat rahbari sportga shunday e'tibor qaratyaptimi, uning ishonchini oqlab, yangi g‘alabalar, oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish lozim», – dedi G‘ofur Rahimov.

Foto: MOQ axborot xizmati

AIBA rahbari O‘zbekistonda boks rivoji uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.

«Ishontirib aytamanki, O‘zbekistonda boksning rivojlanishida AIBA har tomonlama yordam beradi. Bundan tashqari, o‘zbek boks maktabi o‘z shonli tarixiga ega. Ustozlar an'anasini yosh avlod munosib davom ettirib, Tokio Olimpiadasida eng baland cho‘qqiga erishishlariga ishonchim komil.

Ko‘rsatilgan ehtirom va hurmat uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga chuqur minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman. Hamkorligimiz muvaffaqiyatli va istiqbolli bo‘lishiga ishonchim komil», – dedi AIBA prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov.

Mavzuga oid