Jamiyat | 13:33 / 28.07.2018
18771
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda zamonaviy metro tizimini qurish taklif qilindi 

Foto: wikipedia.org

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Namangan shahrida zamonaviy metro tizimini qurish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar barchamizni birdek quvontirmokda. Shular qatorida avtomobil yo‘llarini kengaytirish, yangi zamonaviy yo‘l usti ko‘priklarini qurish jadal rivojlanib bormoqda. Namangan shahrida ham so‘nggi yillarda bu masalaga katta ahamiyat berilmoqda. Taklifimiz, Namangan shahrida yer osti va yer usti metro infratuzilmasini yaratish, chunki shahar aholisi ko‘payib bormoqda, transport xizmatiga bo‘lgan ehtiyoj ham ortmoqda. Metro tizimi qurilishi bilan bir qancha muammolar barham topadi, deyiladi murojaatda.

“Birinchidan, shahar aholisining transport bilan bog‘liq muammosi yechiladi. 

Ikkinchidan, Namangan shahriga keluvchi mehmon va chet ellik turistlar ham metrodan foydalanishiga hamda ichki turizmning rivojiga katta turtki bo‘ladi. 

Uchinchidan, yozning issig‘ida ham qishning qahraton sovug‘ida ham metrodan foydalanish aholi uchun qulaylik tug‘diradi. Shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi, qolaversa mahalliy byudjyetga ham salmoqli hissasini qo‘shadi. 

Namangan shahrida metro qurilsa, bu ham xalqqa, ham davlatga birdek foyda keltirishiga ishonamiz. Metro qurilishida seysmik chidamlilik talablariga rioya etilsa, bu transport turi eng xavfsiz va harakatlanish uchun juda qulaydir”, - deyilgan murojaat matnida.

Petitsiya muallifining fikricha, metroni ishga tushirish uchun mahalliy va respublika byudjyeti, shuningdek chet el sarmoyasini jalb qilish lozim. Davlat xususiy sherikchiligi asosida tashkil qilinishi ham mumkin. Yoki ba'zi chet davlatlarida bo‘lgani kabi 100% chet el sarmoyasi hisobiga qurilib, 10-25 yilga chet ellik investorga foydalanish huquqini berish mumkin. Mazkur muddat tugagach, metro mahalliy hokimiyat balansiga o‘tkazilib, tushumi mahalliy byudjyetga o‘tkaziladi. Keyinchalik bir necha bekatlardan iborat bo‘lgan metro tizimiga Namangan shahriga yaqin tumanlarni bog‘lovchi liniyalarni qurish mumkin.

Mavzuga oid