Jahon | 08:45 / 30.07.2018
4439
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyadagi vaziyatni o‘nglash uchun prezident xos askarlari safarbar qilinmoqda

Foto: AP

Nigeriya harbiy havo kuchlari va prezident xavfsizligi xizmatida faoliyat olib borayotgan harbiylarning 1000 nafarini mamlakat shimoli-g‘arbidagi «olovli hudud»ga yubormoqda. Bu haqda prezident Muhammad Buxoriy yakshanba kuni ma'lum qilgan. 

Nigeriya so‘nggi 9 yil davomida mamlakat ichida «Boko Haram» hamda «G‘arbiy Afrika Islom davlati» jangarilariga qarshi muvaffaqiyatsiz kurash olib bormoqda. Prezidentning ta'kidlashicha, bu kurashda hukumatning kuchsizlanib qolishiga aynan mahalliy politsiyachilarning joylarda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani sabab bo‘lmoqda. 

Bundan tashqari, mamlakatda fermer va cho‘ponlar o‘rtasidagi kichik nizolar qurolli to‘qnashuvlarga aylanib bormoqda. Shuningdek, janubdagi delta atrofiga neft qaroqchilari o‘rnashib olgan, ular bilan birga odam savdosi bilan shug‘ullanayotgan to‘dalar ham mavjud. 

Oxirgi paytda jinoyatchilik va to‘dalarning to‘qnashuvi Zamfara hamda Kaduna shtatlari markazida ham tez-tez uchrab turibdi. 

Buxoriy kelgusi yil fevral oyida o‘tkazilishi kutilayotgan saylovga qadar mamlakatda to‘liq tinchlikka erishishni rejalashtirmoqda.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid