Jahon | 13:59 / 31.07.2018
11543
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkita koreys davlati yagona bayroq ostida harakatlanishi mumkin

Foto: KCNA via REUTERS/File Photo

Indoneziya Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni shu yilning avgustida Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlari ochilish marosimiga taklif etdi. 

Reuters xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya rahbari Mun Chjye In ham mazkur tadbirga taklif etilgan. 

Aprel oyida ikkala koreys davlati Tashqi ishlar vazirlari avgust va sentabrda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlari ochilish marosimida yagona jamoa sifatida qatnashishga kelishib olishgandi. 

Indoneziya Insoniyat taraqqiyoti va madaniyat ishlari vaziri Puan Maharani boshchiligida delegatsiya shu hafta Shimoliy Koreyada bo‘lib, Xalq oliy majlisi raisi Kim Yong Nam bilan uchrashgan. 

«Bu yerga kelishimizdan maqsad Shimoliy Koreya prezidentini 18 avgustdagi Osiyo o‘yinlari ochilish marosimida qatnashishlari uchun rasmiy taklif qilishdir», dedi vazir uchrashuvda.

Shuningdek, tashrif chog‘ida Shimoliy va Janubiy Koreya munosabatlari, hududiy muammolar, jangarilarga qarshi kurashda Indoneziya politsiyasining harakatlari o‘zaro muhokama qilindi. 

Delegatsiya o‘tgan hafta xuddi shu taklif bilan Seulga borgandi. Prezident Mun taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan. 

Aprelda Vidodo Shimoliy va Janubiy Koreya sammitini o‘tkazishni taklif etgandi.

Avvalroq, ikki mamlakat Pyongchangdagi Olimpiya o‘yinlari ochilish va yopilish marosimlarida yagona bayroq ostida birlashgan edilar. Jakarta va Palembang shaharlari mezbonlik qiladigan Osiyo o‘yinlari ikki davlat hamkorligini yanada kuchaytirishiga umid qilishmoqda.  ​

Mavzuga oid