O‘zbekiston | 07:35 / 31.07.2018
23963
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga mulk huquqi nega berilmayapti?

Foto: Flickr

O‘zbekistonda fuqarolarni ijtimoiy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Bu sohadagi eng muhim qadamlardan biri bu O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida» 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-son farmoni imzolangan bo‘lib, bu farmonning imzolanishi minglab yurtdoshlarimizni qiynab kelayotgan masala noqonuniy qurilgan uy joylarga bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida mulk huquqi berish to‘g‘risida edi. 

Mazkur farmonning ijrosini ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida» 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-son Farmoni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari haqida” 461-son qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorga Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi belgilangan hamda mazkur aksiyaning  2019 yil 1 mayga qadar davom etishi belgilangan.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasidan xabar berishlaricha, yuqoridagi qarorning 3-bandida  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari bir hafta muddatda 3 va 3a-ilovalarga muvofiq tarkibda ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) komissiyalarini tuzishi qat'iy belgilangan.

Faqatgina, Toshkent shahrida 2018 yil 27 iyul holatiga qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyiga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish uchun Davlat xizmatlari markazlariga fuqarolardan 800ga yaqin arizalar kelib tushgan. Vazirlar Mahkamasining 461-son qarori 2018 yil 21 iyunda imzolanganligiga qaramasdan, Toshkent shahri Bektemir, Mirobod, Olmazor, Sergeli, Chilonzor, Yunusobod Yakkasaroy va Yashnobod   tuman hokimliklari tomonidan hanuzgacha Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari ishi tashkil etilmagan. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi qo‘pol ravishda buzilayotganligi, qolaversa fuqarolarning ovoragarchiligiga hamda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga ishonch yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining PF-5421-son farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 461-son qarorida belgilangan vazifalar mutasaddi davlat organlari tomonidan tez kunlarda ijrosi ta'minlanadi, degan umiddamiz.

Mavzuga oid