O‘zbekiston | 17:44 / 01.08.2018
177926
2 daqiqa o‘qiladi

Narxlar mashmashasi. «O‘zavtosanoat» vaziyatga oydinlik kiritdi

Foto: KUN.UZ

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi bayonot bilan chiqib, GM Uzbekistan avtomobillariga narxlar hozircha oshirilmasligi haqida ma'lum qildi.

«O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Umidjon Salimovning Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, narxlarni necha foizga, qaysi modellarda, qanday komplektatsiyada oshirish masalasini Raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘rib chiqishi kerak.

«Qo‘mita narxlarning oshirilishi bilan bog‘liq holatni o‘rganib chiqadi. Bizda modellardagi optsiyalar juda ko‘p. Ularning har birini qo‘mita mutaxassislari va bizning ekspertlar birgalikda ko‘rib chiqadi. Qo‘mitaning mahsulotlar narxi qanchaga o‘zgartirilayotgani haqida so‘rashga huquqi bor. Endi ular har bir model kesimida, optsiyalar kesimida qancha foizga oshirilishi mo‘ljallanayotganini ko‘rib chiqishadi, so‘ng o‘z xulosalarini berishadi. 

Hozir avtosalonlarga narxlarni oshirish bo‘yicha xat yuborilmagan. Barcha hisob-kitoblarimizni Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasiga beryapmiz. Ular bularni ko‘rib chiqib, so‘ng bizga qancha foizga oshirish yoki boshqacha ko‘rib chiqish haqida xulosa beradi. Shundan keyin ularning tavsiyasiga ko‘ra narxlar yana qaytadan hisoblab chiqiladi. Hozircha dilerlar shartnoma berishmayapti, to‘langan shartnomalarga mashinalar berilyapti», - deya aytib o‘tdi Umidjon Salimov.

Mavzuga oid