Jahon | 22:38 / 01.08.2018
3826
2 daqiqa o‘qiladi

Zimbabveda saylovlar yakunlanganidan so‘ng tartibsizliklar boshlandi

Foto: Reuters/Siphiwe Sibeko

Zimbabvening amaldagi prezidenti Emmerson Mnangagva davlat rahbari saylovlarining yakuniy natijalari o‘rganilayotgan bir paytda mamlakat fuqarolarini sabr va xotirjamlikka chaqirdi.
«Barchamiz sabr va oqillikni namoyish etishimiz shart», — deb yozdi Mnangagva Tvitterda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakat va Zimbabve fuqarolarining xavfsizligi «birinchi o‘rinda turishi» lozim.

Avvalroq Reuters Zimbabve poytaxti Xarareda saylov natijalari e'lon qilinganidan so‘ng o‘q tovushlari eshitilganini xabar qilgandi.

Xabarlarga ko‘ra, parlament saylovlarida hukmron «Zimbabve Afrika milliy ittifoqi — Vatanparvar front» partiyasi 109 o‘rin olib g‘olib chiqqan. Muxolifatdagi «Demokratik o‘zgarishlar harakati» partiyasi parlamentda 41ta o‘ringa ega bo‘lgan.

Mazkur natijalar e'lon qilinishi bilan Xarare ko‘chalarida harbiylar va muxolifat tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib ketgan. Shuningdek, shahar ustida vertolyot ko‘zga tashlangani xabar qilinmoqda.
Mahalliy SABC News telekanalining politsiyaga tayanib xabar berishicha, to‘qnashuvlar chog‘ida uch kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid