O‘zbekiston | 16:20 / 02.08.2018
6445
3 daqiqa o‘qiladi

Daraxtlar kesilishi bo‘yicha petitsiya muallifi parlamentning javobidan qoniqmadi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari daraxtlarni noqonuniy kesish holatiga bag‘ishlangan elektron jamoaviy murojaatga javob qaytarishdi. Parlament qarori «Mening fikrim» veb-saytida e'lon qilindi.

Ekologik qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan petitsiya may oyida portalga joylashtirildi. Muhokama chog‘ida murojaat 12655 ovoz to‘pladi (eng kam talab qilinadigan ovozlar soni - 10 mingta).

Uning muallifi, jurnalist Nikita Makarenko hokimliklardan daraxt kesish uchun ruxsatnoma berish huquqini olib qo‘yish, ruxsatnoma berish tartibini onlayn olib borish, ayrim mezonlarga ko‘ra, 70 yildan katta daraxtlarni kesishni taqiqlash, ekologik politsiyani tashkil etish, shuningdek, daraxtlarni noqonuniy kesish uchun har bir kesilgan daraxt uchun 50 mln so‘m miqdorida jarima belgilashni taklif qildi.

Deputatlar petitsiyaning faqat ikkita bandiga rozilik berishdi: ma'muriy javobgarlikni oshirish va daraxtlarni shaklga keltirish qoidalarini yaratish.

«Men qoniqdimmi? Ham ha, ham yo‘q. Ha, chunki tajriba muvaffaqiyatli o‘tdi - deputatlar birinchi marta xalq talabiga javob berishdi. Yo‘q, chunki inqilob yuz bermadi. Radikal islohot kerak edi, lekin har doimgiday holat yuz berdi. Endi daraxtlar kesishni to‘xtatishadimi? Albatta, yo‘q. Oliy Majlis o‘z qarorida amaldagi qonun hujjatlariga va Ekologiya qo‘mitasi hamda Bioinspeksiyaga tayangan. Aftidan, ular yaxshi va samarali, deb hisoblashgan», - deya yozdi Makarenko Facebook’dagi o‘z sahifasida. 

Jurnalistning ta'kidlashicha, bunday aktlar ham, tashkilotlar ham «daraxtlarni himoya qilish uchun hech narsa qila olmaydi».

«Agar Davlat ekologiya qo‘mitasi va ushbu inspeksiyalar nimagadir qodir bo‘lganida, biz ularning ishlarini bajarmagan bo‘lardik, - deya qayd etib o‘tdi u. - Kayfiyat: inqilob yuz bermadi, hayot davom etadi. «102»ga qo‘ng‘iroq qiling, befarq bo‘lmang. Umid qilamanki, bu masala bilan yana yuqoriroqda shug‘ullanishadi. Shaxsan men bu petitsiyalar bilan shug‘ullanishdan endi ma'no ko‘rmayapman».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid