O‘zbekiston | 16:56 / 03.08.2018
14417
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘z kelajagi uchun poydevor bo‘lguvchi identifikatsiya raqamiga tayyormi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida, ta'lim sifatini oshirish va tubdan yangilash, turizmni rivojlantirish, investorlarni jalb etish, sud tizimi mustaqilligini ta'minlash va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda katta ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, xalqqa mana shu tarixiy jarayonlarda ishtirok etishga, islohotlarga nazariy va amaliy hissa qo‘shishga chet elda men kabi yashayotgan o‘zbekistonliklarga ham imkoniyat berilayotgani juda quvonarli hol.

Shu ma'noda men ham mana shu jarayonga o‘z hissamni qo‘shishga qaror qildim va ushbu maqola orqali dunyoning ilg‘or mamlakatlaridan biri bo‘lgan AQShning 1935 yildan beri amalda qo‘llanib kelinayotgan bir tajribasi haqida o‘rtoqlashishni lozim topdim. 

Gap ijtimoiy muhofaza raqami (social security number) ya'ni, yashovchiga umrbod beriladigan shaxsiy raqam haqida ketmoqda. 

Xo‘sh, ijtimoiy muhofaza raqami (IMR) o‘zi nima va bu tizim foydalanuvchilarga qanday afzallik va sharoit yaratib beradi? 

Misol qilib shaxsan o‘zim 8 yildan buyon AQShda ilm olib, istiqomat qilib kelmoqdaman. Ijtimoiy muhofaza qilish raqamlari AQShda doimiy va vaqtincha yashovchi hamda ishlovchi insonlarga beriladigan 9 raqamdan iborat oddiygina bir karta yoki bir kichik qog‘oz. 

Bu raqam AQSh federal hukumatining mustaqil agentligi bo‘lgan Ijtimoiy ta'minot boshqarmasi tomonidan beriladi. Ijtimoiy ta'minot raqamlarining asosiy maqsadi ijtimoiy xavfsizlikni ta'minlash bo‘lsada, amaliyotda u soliqqa tortish va boshqa maqsadlar uchun haqiqiy milliy identifikatsiya (shaxsni aniqlash) raqamiga aylanib bo‘lgan.  

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish raqamini maxsus forma to‘ldirish orqali olish mumkin. Hozirgi kunning o‘zida AQShda 453 milliondan ortiq ijtimoiy muhofaza raqamlari hujjatlashtirilib bo‘lingan.

Bunday IMRning O‘zbekiston sharoitida joriy qilishning afzalliklari nimada va bu bilan qanday muammolarimiz yechim topadi?

Tasavvur qiling, birgina kredit olish uchun bankka bordingiz, kerakli hujjatlarni yig‘ib topshirishingiz uchun sizga bir necha kun va hattoki bir necha hafta kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, kerakli hujjatlar to‘liq topshirilgandan so‘ng bank hujjatlaringizni ko‘rib chiqishi uchun yana bir necha kun kutishingiz kerak. Uzoq kutish, hujjatlarni to‘plashdagi qog‘ozbozliklar hech kimga yoqmaydi va afsuski, kutish tufayli oltindan qimmat vaqtni yo‘qotish xalqimiz uchun oddiy holga aylanib qoldi. 

Men sizga yuqorida keltirgan aholini ijtimoiy muhofaza qilish raqami tizimi shu kabi kutishlarni, qog‘ozbozliklarning oldini oladi. Chunki bu tizimda har bir kishining o‘z shaxsiy raqami bo‘lib, shu raqam ortida siz haqingizdagi barcha ma'lumotlar, ish joyingiz, yillik daromadingiz, hukumat oldidagi darajangiz, yashash joyingiz, qisqacha olib aytganda, hamma shaxsiy ma'lumotingiz jamlangan bo‘ladi. 

Siz bankka borganingizda bank xodimlariga son-sanoqsiz hujjatlarni emas, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsiy raqamingiz (IMR)ni ko‘rsatshingizni o‘zi kifoya.

Yana bir qulaylik tomoni bank xodimlari IMR orqali siz haqingizdagi ma'lumotlarni ko‘rib chiqib, bir necha daqiqalar ichida sizga tasdiqdan o‘tgan yoki o‘tmaganligingiz haqidagi ma'lumotni berishlari mumkin bo‘ladi va bu tizim Kredit tarixi, ya'ni qarzdorning qarzlarni qoplash uchun javobgarligi tizimini yaratishda ham qo‘l keladi. 

Bu usul AQShda juda keng tarqalgan. Masalan, bu yerda siz oziq-ovqat, kiyim-kechak yoki uy jihozlari olish uchun do‘konlarga borganingizda, shu yerning o‘zida sizga kredit kartochkasi ochishni taklif qilishadi. Kredit kartochka ochish uchun siz bankka borib o‘tirishingiz, hujjatlarni yig‘ib va yana kutishingiz shart emas, hammasi o‘sha do‘konning o‘zidayoq bir necha daqiqa ichida hal bo‘ladi. Buning uchun IMR raqamingizni ular tomonidan ko‘rsatilgan tizimga qo‘yishingizning o‘zi kifoya. Aynan usha tizim siz IMRingizni kiritganingizda avtomatik ravishda tahlildan o‘tkazib, bir necha soniya ichida sizni qanchalik kreditbardosh ekanligingizni ma'lum qiladi. 

Bu tizim maxfiylashtirilgan bo‘lib siz kiritgan raqamdan tortib siz haqingizdagi ma'lumotlar faqat tizimning ichida maxfiy ravishda tahlildan o‘tadi. Siz haqingizdagi hech qaysi bir ma'lumotni do‘kon xodimlari ko‘ra olmaydi. Mashina yoki uy sotib olmoqchi bo‘lganlar ham shunga o‘xshash shaklda IMR raqamlaridan foydalanib tasdiqdan o‘tishadi va bir kun ichida uy yoki avtomobil egasi bo‘lishadi.

Bu misol faqat bank sohasiga tegishli xolos. IMR tizimi turmush tarzimizning juda ko‘p jabhalarida bizga muhim ahamiyatga ega hujjat sifatida tez, samarali, tanish-bilishu, poraxo‘rliksiz qulay va eng asosiysi ishonchli dalil bo‘lib xizmat ko‘rsata oladi. 

IMR tizimidan yana sug‘urta kompaniyalarida, haydovchilik guvohnomasini olishda, ishga joylashishda, maktablarda, oliy bilim yurtlariga hujjat topshirishda, sud tizimlarida foydalanish mumkin. Yana bir misol IMR raqamini har bir shaxs o‘z maxfiy raqami sifatida foydalanishi, shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarini uyida unutib qoldirganda, politsiya va boshqa davlat xodimiga IMR raqamingizni taqdim qilish orqali o‘z shaxsini osonlikcha tasdiqlab olishi mumkin bo‘ladi. 

Ishga joylashishingizda ham endi sizga qandaydir tavsifnoma yoki mahalladan ma'lumotnoma kerak bo‘lmaydi. Bu narsalarning barchasi birgina IMR raqami kartasi ichida mujassam bo‘ladi.

Men bu misollarni nima uchun yozdim?  Maqsadim, ilg‘or mamlakatlarda qo‘llanib kelinayotgan muvaffaqiyatli va samarali tizimni davlatimiz va xalqimizga tanishtirib, bizda ham shunday tizim yo‘lga qo‘yilishiga o‘z hissamni qo‘shsam deyman xolos... 

Bu tizim faqat AQShdagina emas, bizga yaqin bo‘lgan mamlakatlar Qozog‘iston hamda Turkiyada ham yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Turkiyada ushbu loyihani amalga oshirish g‘oyasi aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan keyin (1972 yilda) tug‘ilgan. Jahon Banki loyihani 1996 yilda kredit berish bilan qo‘llab-quvvatladi va Turk Identifikatsiya raqami 2000 yilda yo‘lga qo‘yilgan.  IMR tizimidan bu mamlakatlarda soliq, aholi va davlat xavfsizligi, saylov, ta'lim, sog‘liqni saqlash, harbiy xizmatga jalb etish, bank va yana ko‘plab boshqa sohalarda foydalaniladi va bu tizimni ishga qo‘yish uchun maxsus markaz tashkillashtirilgan. Turk Identifikatsiya raqami ishlab chiqilgach, Markaziy ro‘yxatga olish idorasi tizimi deb nomlangan kontekstda ishga tushirilgan.

Tabiiyki, o‘z o‘zidan Ijtimoiy muhofaza tizimiga o‘tishda kelib chiqadigan muammolar bormi va ularni yechish uchun qanday chora-tadbirlar kerak, degan savol ham tug‘iladi. 

O‘zbekistonga ijtimoiy muhofaza raqami tizimini olib kirishda uchraydigan eng katta muammolardan biri,  bu xalqimizga IMR haqida to‘g‘ri tushuncha berish va undan foydalanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. 

Tizim deganda biz har bir ish ketma ketlikda, o‘z o‘rnida ishlashini tushunamiz. IMR ham yaxlit bir tizim bo‘lib, hukumat va xalq o‘rtasida kelib chiqayotgan tushunmovchilik yoki muammolarga yechim topadi. Hukumat va Xalq orasida muayyan bir bog‘liqlikni yaratadi. Shu bilan birga, yuqorida keltirganimizdek juda katta qulayliklar beradi. Masalan, davlatning ijtimoiy yordam dasturlarini olaylik.  

Bu sohada, Ijtimoiy ta'minot raqamlari aholi orasida ishsizlik bo‘yicha, nafaqa yoki ijtimoiy ta'minot bo‘yicha, nogironlik bo‘yicha haqiqatda moddiy yordamga muhtoj qatlamni aniqlash uchun federal yoki davlat idoralariga katta yengilliklar yaratadi hamda bunday moddiy yordamlarni olishda qalbakichilikka yo‘l qo‘ymaydi. 

Yana ishonch bilan aytish mumkinki, IMR tizimi hozirda dolzarb masala bo‘lib kelayotgan korrupsiyani yo‘qotishda katta kuch bo‘la oladi. Tartib bor joyda esa qonun ustuvorligi ta'minlanadi. Bu kabi dolzarb masalalarga xolis yechim topishni istagan hukumat, aminmanki, ertami kechmi IMR tizimiga o‘tish uchun o‘zida kuch topadi. 

Bunday o‘zgarishlarga biz hali tayyor emasmiz, bunga mablag‘ va yillar kerak deydiganlar ham topiladi. Ammo tushunishimiz lozimki, xar qanday islohot mablag‘, vaqt va yana inson zehnini talab qiladi. Asosiysi, etiborni mablag‘ga emas, balki islohot va o‘zgarishlarning samarasiga qaratish lozim. Shunday ekan hukumat bu tizimni yaxshiroq o‘rganib chiqib, sinovdan o‘tkazib ko‘rishi va amalda joriy etilishi ancha qulayliklar tug‘diradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Keltirilgan fikrlarni yakdil jamlagan holda aytib o‘tish joizki, muhofaza raqami kabi muhim tizimni, albatta, xalq muhokamasiga qo‘yish kerak. Bu yo‘lda Oliy Majlis Qonunchili palatasi deputatlari, Senat a'zolari, “Buyuk Kelajak” fondi va mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan kattayu kichik lavozimdagi barcha shaxslar o‘z siyosiy resurslarini birlashtirishsa, fuqarolarga bu tizimning afzalliklarini kengroq tushuntirishsa, tez fursatda O‘zbekistonda ham IMRga o‘tish uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Shundan so‘ngina, davlat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro ishonch yanada mustahkamlanadi.

Bu tizim mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotiga o‘z rivojini yangi yuksakliklarga oshirishiga va qog‘ozbozchilikdan charchagan xalqimiz uchun eng katta o‘zgarish bo‘lishiga olib kelishiga amin bo‘lishimiz mumkin.

Nur Parpiyev,
Vashington

Mavzuga oid