O‘zbekiston | 17:00 / 07.08.2018
6595
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus prezidentining O‘zbekistonga tashrifi paytida mintaqa forumi tashkil etiladi

Foto: UzReport

Joriy yilning sentabr oyida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Bu haqda Senat qo‘mita raisi Alisher Kurmanov ma'lum qildi.

«Belarus Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi tegishli ishlarni olib bormoqda», deb ma'lum qildi Alisher Kurmanov.  

Qo‘mita raisining xabar berishicha, Lukashenkoning tashrifi davomida O‘zbekistonda «O‘zbekiston-Belorus mintaqalari forumi» tashkil etiladi. 

«Ushbu forum ikki davlat parlamentining kelishuvi asosida amalga oshirilmoqda. Forum mintaqa hayotiga oid iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni ko‘rib chiqishini inobatga olib, uni tashkil etish masalalari bevosita parlament nazoratiga olingan. Bu masala O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevning Minskka rasmiy tashrifi mobaynida muhokama etilgan hamda forumning birinchi ishi Belarus Respublikasi davlat rahbarining O‘zbekistonga tashrifi davomida bo‘lishi ma'lum qilindi. Forumning keyingi ishlarini odatiy tarzda tashkil etish rejalashtirilgan», deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 20 iyul kuni Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinichni qabul qilgandi. Uchrashuvda e'tibor bo‘lajak O‘zbekiston-Belarus oliy darajali uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish, jumladan tashrifning kun tartibi va dasturi masalalariga qaratilgan. Avvalroq ushbu uchrashuv 12-14 sentabr kunlari bo‘lib o‘tishi ta'kidlangandi. 

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham shu yilning kuz faslida Toshkentga tashrif buyurishi ma'lum qilingan.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid