Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Venesuelada yil boshidan buyon inflyatsiya darajasi 10600%dan oshdi
Venesuelada yil boshidan buyon narxlar o‘sishi 10664%ni tashkil etdi. Bu haqda milliy assambleyaning moliya bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Rafael Gusman ma'lum qildi.
"Iyulda inflyatsiya 125%ni, kunlik - 2,7%ni, yil boshidan buyon - 10664,7%ni, yillik hisobda - 82766%ni tashkil qildi. Mana, venesuelaliklar nima uchun ko‘chalarda namoyishlar o‘tkazishayotganining sababi. Ushbu giperinflyatsiyani hech qanday maosh va uni oshirish bilan to‘xtatib bo‘lmaydi", - deb yozdi Gusman o‘zining Twitter’dagi sahifasida.
Venesuelada narxlar o‘sishi borasidagi ma'lumotlar bir necha yildan beri rasman e'lon qilinmaydi. XVJning taxminiga ko‘ra, yil oxiriga kelib Venesueladagi inflyatsiya 1 million foizga yetishi mumkin.
Ushbu oyda mamlakat hukumati pullardagi beshta nolni olib tashlab, denominatsiya o‘tkazmoqchi hamda yangi valyuta – suveren bolivarni Venesuelaning petro kriptovalyutasiga bog‘lamoqchi. Bir petroning qiymati mamlakatda qazib olinadigan neftning bir barreliga tenglashtirilgan.