Jahon | 19:28 / 08.08.2018
11969
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Gruziya bilan qurolli mojaro bo‘yicha yashirin rejaga ega bo‘lgan

Foto: Dmitriy Duxanin / Kommersant'

Rossiya Bosh shtabi 2008 yilgi mojaro boshlanishidan ancha avval Janubiy Osetiyada harbiy harakatlar bo‘yicha reja ishlab chiqqan. Bu haqda RF sobiq mudofaa vaziri va prezidentning maxsus vakili Sergey Ivanov 8 avgust, chorshanba kuni «Kommersant'» gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2008 yilgacha G‘arb davlatlari, xususan, AQSh «Mixail Saakashvili hech qachon harbiy amaliyotga jur'at eta olmaydi», deb bir necha bor ta'kidlagan. Biroq, Moskva mojaroning kuchayishiga tayyor turgan, deya ta'kidlab o‘tdi Ivanov.

«Harbiylar, dunyodagi jiddiy davlatlarning bosh shtablari sodda emas, ular doimo vaziyat rivojlanishining eng yomon ssenariylaridan kelib chiqqan. Shu sababli, 2007 yilda bosh shtabimiz - o‘sha paytda Janubiy Osetiyada zaif ziddiyat yuzaga kelgan edi - Janubiy Osetiyada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanadigan bo‘lsa, bu holat bo‘yicha bizning harakatlarimizning maxfiy rejasini ishlab chiqqan», - deydi sobiq mudofaa vaziri. 

Ivanovning tan olishicha, tayyorgarliklarga qaramay, Gruziya qo‘shinlarining Janubiy Osetiyaga kirishi rossiyalik harbiylar uchun kutilmagan qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, rejaning bir qismi amalga oshirildi. Gap Rossiya va Janubiy Osetiyani bog‘lovchi yagona transport yo‘lagi bo‘lgan Roks tunnelini himoya qilish haqida ketmoqda.

Ivanov rejaning barcha tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortdi, u hali ham maxfiy qolayotganini tushuntirib berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saakashvili 2008 yilgi voqealar va Putinga «yordam berib yuborgan» oligarx haqida gapirgandi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid