O‘zbekiston | 12:42 / 09.08.2018
20031
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Korean Town paydo bo‘ladi

Toshkentda Koreya kvartali paydo bo‘ladi, deb xabar qilmoqda Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

8 avgust kuni qo‘mitada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Koreyaning Triple Crown Group kompaniyasi boshqaruvchisi Chon Kyong Sik Toshkentda Korean Town qurilishi rejalashtirilgani haqida gapirib, jahonning ko‘plab davlatlarida Koreya kvartallari borligiga e'tibor qaratdi.

Foto: Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati

Davlat turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev loyiha bilan tanishdi va xorijiy sarmoyadorlarga taqdim etiladigan imtiyoz hamda preferensiyalar haqida so‘zlab berdi.

Foto: Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati

Tomonlar majmua qurilishi loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Investorlar Toshkentda qurilishi rejalashtirilgan Koreya kvartali hududida barcha shart-sharoitlar yaratilishi, jumladan, koreyalik sayyohlar uchun tarjimon gidlar, koreys va Yevropa oshxonalari bo‘lishini ta'kidladilar.

Kvartal shaharning aynan qayerida joylashishi hozircha xabar berilmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda «Osmono‘par shahar» paydo bo‘lishi xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid