Iqtisodiyot | 23:35 / 11.08.2018
42453
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiya avtomobilsozlari bilan muzokaralar o‘tkazdi

“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Sh.Umurzoqov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi shu yilning 30 iyul – 3 avgust kunlari Yaponiyada bo‘lib qaytdi. Delegatsiya O‘zbekistonda avtotransport vositalarini ishlab chiqarish uchun Yaponiyaning yetakchi avtomobil kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida ushbu mamlakatga safar qilgan. Bu haqda Kun.Uz’ning hukumatdagi manbasi ma'lum qildi. 

Unga ko‘ra, delegatsiya tarkibida Bosh prokuratura vakili, Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining yuqori lavozimli mulozimi ham bo‘lgan. 

Ayni vaqtda mazkur muzokaralar natijasi qanday yakunlangani haqida aniq ma'lumot yo‘q.  “O‘zavtosanoat” AJ Axborot xizmati delegatsiya tashrifining yakunlari bo‘yicha ma'lumotga ega emasligini bildirdi. 

Ta'kidlash o‘rinliki, “O‘zavtosanoat” AJ rahbari Shavkat Umurzoqov 30 iyul kuni Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan sessiyada Yaponiyaga safar qilishi haqida xabar qilgan edi. U o‘sha kuni 2018 yil 1 avgustidan GM Uzbekistan avtomobillari narxi 14 foizga oshirilishini bildirgandi.

Shavkat Umurzokov -  “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Foto: XPK

Bundan tashqari, Shavkat Umurzoqov O‘zbekistonga avtomobil ishlab chiqaruvchi boshqa xorijiy kompaniyalarni olib kelish shartlari xususida fikr bildirgandi. Uning uqtirishicha, xorijiy avtokompaniya O‘zbekistonda eng zamonaviy transport vositalarini ishlab chiqarib, keng qamrovli eksportni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilmas ekan, ularning bu yerda o‘z zavodlarini ochishdan ma'no yo‘q. Shu bilan birga, uning fikricha, hozirgi sharoitda O‘zbekistonga Hyundai kabi kompaniyalari kelgan taqdirda ham dastavval GM Uzbekistan, so‘ngra Hyundai ham kasodga uchrashi mumkin. “Hozir Hyundai’ni olib kelsam, GM’ni ham “o‘ldiraman”, Hyundai ham “o‘ladi”. Mashina narxi esa oshib ketadi”, - degan edi “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov XPK sessiyasida.

Keyinchalik, “O‘zavtosanoat” AJ O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi GM Uzbekistan avtomobillari narxini oshirish masalasini o‘rganib chiqayotgani bois narxlarni oshirishni ortga surishga qaror qildi

Ayni vaqtda ham bu masalaga oydinlik kiritilmagan. GM Uzbekistan dilerlarida eski shartnomalar bo‘yicha avtomobillar yetkazib berilmoqda, biroq xaridorlarga hanuzgacha yangi shartnomalar berilmayapti. Avtomobillar narxini oshirish yoki oshirmaslik masalasi ham uzil-kesil hal etilgani yo‘q. Bu esa, ikkilamchi bozorda avtomobil narxlari oshishiga sabab bo‘lmoqda. 

Mavzuga oid