Jamiyat | 17:21 / 12.08.2018
143049
2 daqiqa o‘qiladi

Imzo Garden maskani​da yangragan nomunosib hazillari uchun Dizayn jamoasi litsenziyadan ayrildi

Foto: RizaNova

Dizayn jamoasi bilan tuzilgan litsenziya bitimlarining talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilganligi uchun guruh litsenziyasi 2018 yil 11 avgust kunidan bekor qilinadi. Bu haqda «O‘zbekkonsert» davlat muassisi xabar bermoqda. 

Xabarda ta'kidlanishicha, guruh «milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan, ma'naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan nomunosib harakatlar orqali qiziqchilik san'atini beobro‘ etib, san'atkor odobiga rioya etmagan».

Ma'lum qilinishicha, Toshkent viloyatida joylashgan Imzo Garden maskaniga taklif etilgan Dizayn jamoasi a'zolari dam olish maskanida odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan, beo‘xshov hazillarni ijro etgan. Akfa group xodimlari uchun tashkil etilgan kooperativ tadbirda yangragan nomunosib hazillarning video va audio lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgach, jamoa faoliyatiga jiddiy e'tibor bilan baho berildi. 

Shundan jamoa a'zolari Dilshod Musabekov va Sa'dulla Fathullayev video murojaat orqali barchadan uzr so‘radi. Ular hazillarda ichki ishlar xodimlari, ayol va qizlarga nisbatan hurmatsizlik qilinganini tan olib, barcha fuqarolardan kechirim so‘ragan.  

 «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan jamoaga berilgan AY-0035 con litsenziya bekor qilinmoqda. ​

Mavzuga oid