Fan-texnika | 17:41 / 14.08.2018
12582
4 daqiqa o‘qiladi

Snapchat kabi ilovalar kishilar psixologiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda

Foto: depositphotos

So‘nggi vaqtlarda plastik jarrohlar noodatiy tendensiyani kuzatishmoqda: odamlar selfi olib, o‘zlarini fotoshop dasturli ilovalarda tahrirlab, jarrohlardan ana shunday mukammal versiyalarga o‘xshatib operatsiya qilishni so‘rashmoqda. BigThink nashri shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi. 

Boston Universiteti Tibbiyot maktabi Dermatologiya bo‘limi tadqiqotchilarining JAMA Facial Plastic Surgery'da yozishlaricha, mazkur tendensiya Snapchat dysmorphia nomini oldi.

Nima uchun Snapchat deysizmi? Snapchat va Facetune kabi  mashhur ilovalar suratlarni "filtrlash" imkonini berib, terini taranglashtirish, tishlarni oqartirish va hatto ko‘z hamda lablarni kattalashtirish funksiyalarini taklif qiladi. Bunday imkoniyatlar yordamida har bir inson o‘zining sezilarli kamchiliklarini sanoqli soniyalarda yashirishi mumkin. 

Bu bir zumda "mukammallik"ka erishishdir. Ilgari faqat mashhur kishilar fotosessiyalarida suratlarni tahrirlash texnologiyasidan foydalanishar edi. Bugun esa u barcha telefonlarda. 

Manbada keltirilishicha, bu tendensiya tashvishga sabab bo‘ladi, chunki o‘z suratini "filtrlagan" odamlar ko‘pincha erishib bo‘lmaydigan chiroyni tasavvur qilishadi va reallik chegarasidan o‘tishadi. Bunday filtrlangan suratlarning keng tarqalishi insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga ta'sir ko‘rsatishi, uning real hayotda o‘zgacha ko‘rinishdan uyalishiga va hatto dismorfogen tana buzilishi (body dysmorphic disorder - BDD)ga olib kelishi mumkin.

BDD - tashqi ko‘rinishdagi kamchiliklardan haddan tashqari qayg‘urish. BDD kattalar bilan bir qatorda bolalarga ham taalluqli, bu ayniqsa, masxaralash yoki tahqirlashning muayyan shakllaridan aziyat chekkan yoshlarda yaqqol seziladi. 

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, BDD'ga yo‘liqqan kishilar o‘z kamchiliklarini yashirish uchun ko‘p narsaga tayyor bo‘lishadi - tashqi ko‘rinishlarini o‘zgartirishga umid qilib, tez-tez dermatolog va plastik jarrohlarga murojaat qilishadi.

The International OCD Foundation baholariga ko‘ra, AQShning 1,7-2,4 foiz aholisi yoki 5-7,5 million kishi BDD bilan kasallangan. Manbada real ko‘rsatkichlar bundan-da yuqori bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda, chunki hamma ham BDD belgilarini ochiq namoyish qilavermaydi.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, BDD'dan aziyat chekuvchi kishilar ijtimoiy tarmoqlardan o‘z jozibadorliklarini tasdiqlash vositasi sifatida foydalanishga moyil bo‘lishadi.

O‘z suratlariga ko‘p "zeb" beruvchi o‘smir-qizlar boshqalarga qaraganda o‘z tashqi ko‘rinishlaridan ko‘proq xavotirda bo‘lishar ekan. 

Manbada qayd qilinishicha, BDD'dan aziyat chekuvchi kishilar shafqatsiz munosabat va tahqirliklardan ko‘proq jabrlangan. 

Plastik jarrohlarning ma'lumotlariga ko‘ra, mijozlar bir necha yillar avvalga nisbatan ko‘proq murojaat qilishmoqda. Bundan tashqari, burun va yuz assimetriyasi, soch ektirish va qovoq oldirish kabi amaliyotlar o‘tgan yillarga qaraganda ko‘proq amalga oshirilmoqda. 

Tadqiqot mualliflari turli fototahrirlash dasturlari sabab odamlarning erishib bo‘lmas mukammallik ketidan quvishlaridan xavotirdalar. Ular filtrlangan selfilar o‘smirlar va BDD'dan aziyat chekuvchilarga zararli ta'sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.

Mavzuga oid