Jahon | 19:43 / 15.08.2018
12323
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat departamenti Tojikistonni sayyohlar uchun xavfli deb atadi

Foto: Redspokes Adventure Tours

Tojikiston AQShning sayyohlar uchun xavfsiz mamlakatlar reytingida (Travel advisory level) bir pog‘ona pastga tushdi, deb xabar berilmoqda davlat departamenti saytida.

Tojikiston endilikda ushbu reytingda «yuqori darajadagi ehtiyotkorlik» belgisi ostidagi ikkinchi guruhga kiritildi.

Davlat departamenti AQSh fuqarolariga  Tojikistonda bo‘lganlarida mahalliy OAVni kuzatib turishni, o‘z yo‘nalishlarini aniq belgilab olishni, odamlar gavjum joylar va jamoat transportidan uzoqroq yurishni maslahat bermoqda.

«2018 yilning 29 iyulida Dang‘aradagi terakt oqibatida  AQShning ikki nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Garchi Tojikiston hukumati obektlari asosiy nishon bo‘lsa-da, terrorchilar boshqa joylarda, masalan, yashash maskanlari, klub va restoranlar, mehmonxonalar, ochiq havodagi ko‘ngilochar tadbirlarda xurujlarni amalga oshirishi mumkin», - deyiladi xabarda.

Travel advisory level reytingida mamlakatlar to‘rtta xavfsizlik darajasiga ajratilgan bo‘lib, Tojikiston ilgari bu ro‘yxatda birinchi guruhda edi.

Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni Xatlon viloyatining Dang‘ara tumanida avtomobil bostirib borishi natijasida mamlakatda velosipedda sayr qilib yurgan to‘rt nafar xorijlik: ikki nafar AQSh hamda Niderlandiya va Shveytsariya fuqarolari halok bo‘lgandi.

Tojikiston bosh prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, xorijlik sayyohlarga hujumni avvaldan ishlab chiqilgan reja asosida «Islom davlati» niqobi ostida «Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi» ekstremistik-terrorchi tashkiloti a'zolari amalga oshirishgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid