O‘zbekiston | 08:44 / 16.08.2018
3535
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi tomonidan har hafta investor kuni o‘tkaziladi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi tomonidan har hafta investor kuni o‘tkaziladi. Uning doirasida, qoida tariqasida, Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari, shu jumladan, xorijiy investorlarning investitsiya shartnomalarini tuzish, ularga yer uchastkalari ajratish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun davlat mulki obektlarini berish bo‘yicha investitsiya takliflari ko‘rib chiqiladi hamda tegishli ma'lumotlar Toshkent shahar hokimligining saytiga joylashtiriladi;

Investitsiya faoliyatini olib borish uchun Toshkent shahar hokimining qaroriga ko‘ra yer uchastkalari berish investorga yer uchastkasini bir yilgacha muddatga (loyihaning murakkabligidan kelib chiqib uzaytirish imkoniyati bilan) dastlabki zaxiralash sharti bilan amalga oshiriladi, keyinchalik investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar investor tomonidan bajarilganidan so‘ng yer uchastkasiga egalik qilish va foydalanish huquqi rasmiylashtiriladi. Investor tomonidan zimmasiga olingan majburiyatlar investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar va muddatlarga muvofiq bajarilmaganda yer uchastkasini zaxiralash investorga kompensatsiya bermasdan va zararlar qoplanmasdan bekor qilinadi.

Foydalanilmayotgan davlat mulki obektlarini o‘z balansida saqlovchilar tomonidan Toshkent shahar hokimligi so‘rov jo‘natgan vaqtdan keyin bir oy muddatda foydalanilmayotgan obektdan samarali foydalanish, shu jumladan, ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish obektini tashkil etish, obektni aniq ijaraga oluvchilarga berish, aniq investor (sherik)ni jalb etish choralari, shuningdek, foydalanilmayotgan obekt faoliyatini tiklashning aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalari nazarda tutilgan takliflarning taqdim etilmaganligi Toshkent shahri hokimining foydalanilmayotgan davlat mulki obektlarini investitsiya kelishuvi asosida realizatsiya qilish yoki berish to‘g‘risidagi qarorini qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Keyinchalik Toshkent shahar hokimining yer uchastkalari taqdim etish, foydalanilmayotgan davlat mulki obektlarini realizatsiya qilish yoki berish masalalari bo‘yicha qarorini qabul qilish uchun ro‘yobga chiqarish taklif etilgan investitsiya loyihalarining ko‘rsatkichlarini Ishchi guruh tomonidan kelishish va ma'qullash o‘n ish kuni davomida amalga oshiriladi.

Yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish, vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilangan tartibda o‘n ish kuni davomida, shu jumladan, elektron shaklda amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashining vakolatlari Toshkent shahar hokimiga o‘tadi, u mazkur vakolatlarni kichik sanoat zonalari direksiyalariga qisman yoki to‘liq berishi mumkin;

Muayyan investitsiya loyihalari doirasida ishlab chiqarish maydonchasidan tashqaridagi zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish Toshkent shahar hokimligi mahalliy byudjyeti mablag‘lari va boshqa moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid