Jamiyat | 14:20 / 19.08.2018
27357
6 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada «15 sutka» 15 daqiqali ish

Jurnalistning kasbi ham sarguzashtlarga boy: ertalab amaldorning oldida uning gaplariga quloq solib o‘tirgan kishi, kechga yaqin bozor oralab, xalqning dardini tinglashga oshiqadi. Ana shunday kunlarning birida, Kun.uz tahririyatiga Farg‘ona shahridan murojaat kelib tushdi. Yo‘q, bu gal murojaatning mazmuni va bizga ma'lum bo‘lgan holatlar bo‘yicha gapirmoqchi emasman. Aksincha, kutilmaganda huquq-tartibot organi bilan yuz bergan vaziyat va uning sudgacha yetib borgani haqida muxtasar qilaman. 

Shunday qilib, vodiy gavhari - Farg‘ona shahriga yetib keldim. Xalq suygan san'atkor aytganicha bor: dov-daraxtlar kam, lek Farg‘onadagi o‘zgarishlar kishini g‘ayratlantirib yuboradi. Men esa murojaatchining manzilini topolmay halakman, shaharning har burchagida qurilish, ustiga-ustak oliygohlarga qabul imtihoni davom etmoqda edi. Qirguli tomonda imtihon sabab yopib qo‘yilgan ko‘chaga kirib qoldim. Farg‘ona viloyati YHXB xodimi Sirojiddin Kamolov bilan bo‘lgan suhbatga aralashgan Kenjayev katta qovun tushirganini anglaganda barchasi kech bo‘lgandi. Masalaning barcha tafsilotiga to‘xtalib o‘tmoqchimasman, ammo fakt shuki, xodim telefonimni tortib olib, keyin nima qilarini bilmay qoldi. 

«Mayli, qaytarib bering, sizga da'vo qilmayman», deyishimga ham ko‘nmay injiqlik qila boshladi. 

Kamera bilan hududga kirib, manzilni suratga olishni o‘yladim. Harqalay, kechroq qaytib kelib, telefonim masalasini hal qilarman, hozir esa murojaatchi kutyapti. Manzil shunda asqotadi. Biroq, bu yoqda xizmat qilib turgan «shovvozlar»ga o‘zimni tanishtirib, ruxsatnoma va guvohnomalarimni ko‘rsatishimga qaramay, ulardan biri menga tashlanib qoldi. 

«Mana! Qo‘lidagi soat «zapis» qiladi, bilmaysizlarmi? Chiqar mashinaga buni», deb qo‘limdagi soatni chaqqonlik bilan yechib oldi noma'lum shaxs. Qolganlari ham qarab turgani yo‘q: hech bir sabab tushuntirilmasdan, fotoapparat, jurnalist guvohnomasi tortib olindi. O‘zini «oper» deb tanishtirgan shaxs (haqiqatan, u keyinroq bo‘limga keldi) qo‘limni qayirib, mashinaga sudradi. 

Militsiyaning talabini bajarmaslik yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini bilaman. Ammo, bu talab qonuniy yo noqonuniy bo‘lyaptimi, buni o‘ylab o‘tirishga ham vaqtim yo‘q edi. Men o‘z xohishim bilan mashinaga mindim. O‘sha «oper» bo‘lsa, PPX xodimlariga topshiriq berdi:

«Buni bo‘limdagi «ugolovnoye»larga topshiringlar. 183 rasmiylashtirsin 15 sutkaga», deydi ularga qarata. Menga esa tarbiyamni olishimni ta'kidlab qo‘ya qoldi.

Qirgulidagi IIB bo‘limiga tomon ketarkanman, o‘ylanib qoldim: 15 sutka deydimi? Nega?

Bo‘lim hovlisining markazida turgan stolda o‘tirarkanman, taxminan 8 nafar IIB xodimi men bilan «profilaktik suhbat» o‘tkazdi. Har gal bir voqeani qaytarib aytaverdim. Xullas, boshliq stolga yaqinlashib, telefon, kamera, soat va guvohnomani qaytarib berishini aytdi. Shu bilan masala yopiladi. Ammo, menda shubha uyg‘ona boshladi: demak, menda ayb topishmadi, ammo «15 sutka» nima bo‘ladi? Balki, telefon xotirasiga noqonuniy narsa ko‘chirib qo‘ygandir? 

«Iltimos, profilaktik suhbat o‘tkazib, telefonlarni tekshirdik, noqonuniy narsa topmadik, deb yozib bering. Men ham xotirjam ishimga boray», deya iltimos qildim. Rost-da, bo‘limga kelib, shuncha gapni ham eshitib, kishi qo‘rqadi-ku.

Bu gapdan so‘ng, IIB xodimlarining munosabati o‘zgardi. Qog‘ozlarni olib kelib, yozuv-chizuv boshlashdi, ammo telefonim qaytarib berilmadi. 

«Ertaga mahalladan spravka olib kelsangiz, telefonni olib ketaverasiz», deydi bir xodim. 

Ma'lumotnomani amal-taqal qilib oldim, o‘sha voqeaning ertasiga Farg‘ona shahriga ham yetib keldim. Ammo, eshitganim boshqa bo‘ldi: menga nisbatan IIB xodimi bildirgi yozib beribdi va bugun sud bo‘ladi. Buncha tez? Varaqlarga mo‘ralasam, hammasi jiddiy. 

«Mayli, sizlar aytganday bo‘lsin. Sud bo‘lsa, sud», deya Farg‘ona shahar ma'muriy sudi binosiga yo‘l oldik. 

Sud mening ko‘rsatuvimni eshitib, taqdim etgan dalil va isbotlarni o‘rganib chiqdi. Shunday qilib, harakatlarimda huquqbuzarlik alomati yo‘qligi uchun sud ishini to‘xtatdi. Yashasin, odil sud, deyman va tashqariga otildim. Binodan chiqib kelarkanman, xayolimda bitta gap charx ura boshladi: Farg‘onada «15 sutka» 15 daqiqali ish. 

Kun.uz muxbiri Alisher Ro‘zioxunov

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid