Light | 22:07 / 23.08.2018
93071
5 daqiqa o‘qiladi

Gastrit: sabablar va profilaktika

Statistikaga ko‘ra, gastrit belgilari kamida har ikkinchi odamga tanish. Makkor kasallik kattalarga ham, bolalarga ham hujum qiladi, zero sog‘lom hayot tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish ham sog‘lom oshqozon kafolati bo‘la olmaydi. Unda nima qilish kerak? O‘zingizni va yaqinlaringizni bu kasallikdan qanday himoyalash mumkin? "Zdorove s Yelenoy Malyshevoy"da gastrit qanday kasallik ekani va nima uchun uning bu qadar keng tarqalganiga doir ma'lumotlar taqdim etildi.

Gastrit nima?

Qisqa qilib aytganda, bu - oshqozon shilliq qavatining yallig‘lanishi. Gastritda oshqozon o‘z vazifasini normal bajara olmaydi: taom yaxshi hazm bo‘lmaydi, bu holsizlik va quvvat yetishmovchiligiga olib keladi. Bemorlar ko‘pincha qorin sohasida og‘riq his qilishadi, shuningdek ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich qotishi va ishtaha pasayishi kuzatiladi. Biroq kasallik deyarli belgilarsiz kechishi ham mumkin. Oshqozon-ichak trakti kasalliklarining 80 foizi - gastritning u yoki bu shakli.

Nima uchun gastrit yuzaga keladi?

Gastrit rivojlanishining asosiy sabablari orasidan quyidagilar qayd etiladi:

1. Helicobacter pylori bakteriyasi

Gastrit va oshqozon yarasi 85 foizdan ortiq holatlarda aynan shu bakteriya sabab rivojlanadi. Shunisi diqqatga sazovorki, shifokorlar uzoq vaqt Helicobacter pylori bakteriyasining mavjudligi haqida bilishmagan, gastrit sababi sifatida esa yuqori kislotalilik va stress ko‘rsatilgan. 2005 yilda amerikalik olim Barri Marshall ushbu mikroorganizmni kashf qilgani uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

Helicobacter pylori odamdan odamga asosan maishiy yo‘l bilan o‘tadi - aksariyat holatlarda umumiy ovqatlanish idishlari orqali. Shunday bo‘lsa-da, nima uchun bu bakteriya ba'zi kishilarga katta ziyon yetkazib, hatto saratongacha olib kelishi, boshqalari esa butun hayoti davomida organizmida bunday bakteriya borligini bilmay ham o‘tishi haqidagi savol ochiqligicha qolmoqda.

2. Tartibsiz ovqatlanish

Quruq yeguliklar, ovqatni tez chaynash, haddan tashqari issiq, sovuq va achchiq taom - bularning bari oshqozon devorlariga ziyon yetkazadi. Shu bilan birga, sho‘r taomlar ham gastritni keltirib chiqarishi mumkin, zero u Helicobacter pylori faolligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

3. Alkogol

Etil spirtini muntazam iste'mol qilish oshqozon shilliq qavati uchun zararlidir. Spirtli ichimliklar qancha o‘tkir bo‘lsa, ularning organizmga ta'siri shuncha jiddiy bo‘ladi.

4. Dorilar

Gatroenterologiyada shunday bir diagnoz bor - medikamentoz (dorivor) gastrit. U ko‘pincha o‘zboshimcha davolanish asorati bo‘ladi. Bemorlarning taxminan 20 foizida kasallik shamollashga qarshi preparatlar, antibiotiklar, insulin, glyukokortikoid gormonlar va silga qarshi vositalarni uzoq vaqt noto‘g‘ri qo‘llash natijasida namoyon bo‘ladi. Bu va boshqa ba'zi dorilar oshqozon shilliq qavatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, lekin dorixonalarda retseptsiz sotiladi.

5. Gijja invaziyasi

Ba'zi tadqiqotchilar gastritning parazitlar bilan zararlanishga bog‘liqligini ta'kidlashadi.

Gastrit har ikkinchi odamda bo‘lsa-yu, aksariyat bu haqida hatto bilmasa, uni davolashga hojat bormikan?

So‘nggi ilmiy kashfiyotlar sharofati bilan bugunga kelib gastrit muvaffaqiyatli davolanmoqda. Biroq ba'zilar agar hech nima bezovta qilmasa (yoki ko‘p bezovta qilmasa), tashxisga e'tibor bermaslik mumkin, deb hisoblashadi. Ammo bunday yondashuv xavfli: oshqozon faoliyati buzilishi davolanmasa, uning ko‘lami kengayib, yaraga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, yillar davomida rivojlanuvchi oshqozon kasalliklari - bu onkologik kasalliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l degani. Oshqozon saratoni holatlarining 70-90 foizi Helicobacter pylori bilan zararlanish va o‘z vaqtida davolanmaslik natijasida boshlanadi.

Buni qanday bartaraf etish mumkin?

Avval shifokorga uchrashing, ayniqsa gastritning biror belgilari sizni bezovta qilgan bo‘lsa. Deyarli har qanday kasallikni muvaffaqiyatli davolash garovi erta tashxis qo‘yishdir.

Zamonaviy tibbiyot darajasi kasallik yoki uning qo‘zg‘atuvchilari mavjud yo yo‘qligini tez va aniq belgilash imkonini beradi.

Quyidagi bir necha murakkab bo‘lmagan tavsiyalar Helicobacter pylori bilan zararlanishning oldini olishda yordam beradi:

  • Ovqatdan oldin qo‘llaringizni yuving;
  • Birovning idishidan ovqat yemang;
  • Shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalaning.

Va albatta, barchaga ma'lumu mashhur qoidalar o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi: chekishni tashlang, spirtli ichimliklar ichmang, o‘zboshimchalik bilan davolanmang va tartibli ovqatlaning - bu tamoyillar nafaqat gastrit, balki ko‘plab boshqa kasalliklarni chetlab o‘tishga yordam beradi.

Mavzuga oid