O‘zbekiston | 01:11 / 24.08.2018
5585
2 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim: O‘zbekiston-Fransiya hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ta'lim yo‘nalishidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Kun.uz muxbiri hukumatdagi manbasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Shu kunlarda Parijda qator muzokaralar o‘tkazayotgan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati bilan uchrashdi.

Tadbir davomida maktabgacha ta'lim, o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta'lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek O‘zbekistonda Frantsuz tili va madaniyati markazlarini tashkil qilish hamda shartnoma-huquqiy bazasini kengaytirish, shu jumladan ikki mamlakat ta'lim vazirliklari o‘rtasida yangi bitim va hamkorlik dasturlarini imzolashga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, ta'lim sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir kelishuvga erishildi. O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, ixtisoslashgan maktablar soni va fransuz tilini o‘qitish soatlarini oshirish rejaga kiritildi.

Bundan tashqari, fransuz tilidagi o‘quv materiallari, qo‘llanmalar va multimedia ilovalarini ishlab chiqishga kelishildi.

Tomonlar yaqin orada O‘zbekiston-Fransiya Maktabgacha ta'lim vazirliklari hamda Xalq ta'limi vazirliklari o‘rtasida 2019-2020 yillar uchun Hamkorlik dasturini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Bundan avval Kun.uz'da Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning "Frantsuz Alyansi" Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Mikael Fuente bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid