O‘zbekiston | 17:12 / 25.08.2018
69085
7 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil oynalarining qoraytirishga ruxsatnoma berish tartibi qanday?

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ichki ishlar vazirligining “Yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish, uni ro‘yxatga olish va ruxsatnomaning amal qilishini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish, ro‘yxatga olish va uning amal qilish muddatini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ruxsatnomani berish Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘linma (bo‘lim, bo‘linma, punkt)lari (keyingi o‘rinlarda -DYHXXning hududiy bo‘linmalari) tomonidan amalga oshiriladi.

DYHXXning har bir hududiy bo‘linmalari o‘z hududida ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari uchun yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsat berishni amalga oshiradi.

Yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)  ishlari  O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK (keyingi o‘rinlarda - ish bajaruvchi) tomonidan ruxsatnoma va tasdiqlangan Davlat standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirish) quyidagi yorug‘lik o‘tkazish darajasi bo‘lishiga ruxsat beriladi:

orqa oynasi - 5 foizdan kam bo‘lmagan;

orqa yon oynalari - 30 foizdan kam bo‘lmagan;

oynalarni ko‘zgusimon tusda o‘zgartirishga(qoraytirishga) ruxsat etilmaydi.

Yengil avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini eni 14 sm.dan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 30 foizdan kam bo‘lmagan polosa shaklida o‘zgartirish(qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi. Yengil avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini eni 14 sm.dan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 30 foizdan kam bo‘lmagan polosa shaklida o‘zgartirish(qoraytirish)  quyidagicha amalga oshirilishi mumkin:

yengil avtotransport vositasining egasi tomonidan mustaqil ravishda;

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK tomonidan tasdiqlangan narxlar asosida ish bajaruvchi tomonidan.

Yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma yengil avtotransport vositasi egasining DYHXXning hududiy bo‘linmalariga belgilangan shaklga asosan berilgan arizaga muvofiq taqdim qilinadi.

DYHXXning hududiy bo‘linmalariga ariza murojaat etuvchi shaxs tomonidan shaxsan topshirilishi shart.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova etilishi lozim:

yengil avtotransport vositasi egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (jismoniy shaxslarga-O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi pasporti, harbiy xizmatchilar uchun - harbiy qism yoki harbiy muassasalar qo‘mondonligi tomonidan beriladigan shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki harbiy bilet (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy biletlari bundan mustasno), chet el fuqarolari uchun – O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki ichki ishlar organining doimiy yoki vaqtinchalik propiska joyi to‘g‘risidagi belgisi qo‘yilgan chet el fuqarosining milliy pasporti,  fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi ichki ishlar organlarining doimiy yoki vaqtinchalik propiska joyi haqidagi belgisi qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi);

yengil avtotransport vositasining tegishliligini tasdiqlovchi hujjat, boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma yoki yo‘l varaqasining (yuridik shaxslarga) nusxalari;

yengil avtotransport vositasining mazkur shaxsga tegishliligini tasdiqlovchi (texnik pasport, texnik talon) ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma nushasi;

yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnomani olishga ishonchnoma va ishonchnoma berilgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;

to‘lov qilinganligi haqidagi bank hujjati:

a) yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsat berish uchun belgilangan to‘lov miqdori (O‘zbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslari, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan chet el vakolatxonalari va yuridik shaxslari);

b) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK tomonidan tasdiqlangan narxlar asosida avval o‘rnatilgan va mexanik shikastlanish natijasida yaroqsiz holga kelgan tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynani yoki tusini o‘zgartiruvchi materialni tiklashga ish bajaruvchining xizmatlari uchun.

Murojaat etuvchi shaxsdan mazkur bandda ko‘zda tutilmagan hujjatlarni talab etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagilarga asoslangan holda ruxsatnoma berilmasligi mumkin:

murojaat etuvchi shaxs tomonidan mazkur Nizomning 9-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganida;

murojaat etuvchi shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi shubha tug‘dirganda va aniq bo‘lmagan ma'lumotlar mavjud bo‘lganida;

avtotransport vositasining oynalarida tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun imkon bermaydigan texnik shikastlar bo‘lganida.

Ruxsatnoma berishni boshqa asoslar, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi sababi bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish faqatgina quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

yengil avtotransport vositasining hisobga olish ma'lumotlariga o‘zgartirish kiritilganida (qayta jixozlash, davlat raqam belgisi va ro‘yxatga olish guvohnomasi o‘zgartirilganda);

egasining ma'lumotlarida o‘zgarish bo‘lganida (jismoniy shaxsning familiya, ismi, sharifi o‘zgarganida, yuridik shaxsning turar joyi (pochta manzili) o‘zgarganida yoki nomi qayta nomlanganida);

yengil avtotransport vositalari oynalarini mazkur Nizomning 5-bandida belgilangan tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynalarning yorug‘lik o‘tkazuvchanlik miqdori o‘zgartirilganda.

Qayta rasmiylashtirish egasining arizasi va taqdim etgan tasdiqlovchi hujjatlari asosida amalga oshiriladi.

Ruxsatnoma avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatining qolgan vaqti uchun qayta rasmiylashtirib beriladi.

 

Mavzuga oid