Jahon | 20:32 / 28.08.2018
16231
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Eronga harbiy zarba berishi mumkinligidan ogohlantirdi

Foto: AP

Agarda Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yadigan bo‘lsa, unga qarshi zarba beriladi. Bu haqda Saudiya Arabistoni energetika vaziri Ibrohim al-Muhanna ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Al Arabiya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shimoliy sohili Eronga, janubiy sohili BAA va O‘monga tegishli strategik muhim Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishga Tehronning vakolati yo‘q. Agar Eron uni yopib qo‘yishga qaror qilsa, BMT Xavfsizlik kengashi harbiy aralashuvga ruxsat beradi, deb ta’kidlagan al-Muhanna. U shuningdek, Tehronga qarshi sanksiyalar to‘xtatilmasligini qo‘shib qo‘ygan.

27 avgust kuni Press TV telekanali Eron HDK generali Alirizo Tangsiriyning Tehron Fors ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilishi hamda o‘z suvlarini himoya qilishga tayyor ekanini aytganini ma’lum qilgandi. 

«Bizning musulmon qo‘shnilarimizga aytar so‘zimiz bor. Biz sizlarga birodarlik qo‘lini cho‘zishimizni bir necha bor aytganmiz va Fors ko‘rfazi biz xavfsizligini ta’minlay oladigan uyimiz ekanligiga ishonamiz», — degan Tangsiriy.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo esa Twitter’da Eron xalqaro suvlarga tegishli bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishga haqli emasligini bildirdi.

27 avgust kuni Eron va Suriya dushmanlardan birgalikda himoyalanishga va harbiy sohada hamkorlik qilishga qaror qilgani xabar qilingandi. Tehron hech kimga ikki mamlakatning do‘stona munosabatlariga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid