O‘zbekiston | 21:18 / 30.08.2018
7304
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xalqaro ta'lim bo‘yicha Amerika kengashi vakolatxonasi ochildi

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

O‘zbekistonda American Councils for International Education nohukumat tashkiloti vakolatxonasining ochilishi Vashington va Toshkent o‘rtasidagi strategik hamkorlik mustahkamlanib borayotganligidan guvohlik beradi. Bu haqda jurnalistlarga AQSh davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Xezer Nauert ma'lum qildi.

«Biz hozirda O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlardan faxrlanamiz. AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov bilan

Xalqaro ta'lim bo‘yicha Amerika kengashi vakolatxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi», – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi TASS.

«Bu O‘zbekistonda 15 yildan ortiqroq vaqt davomida ro‘yxatga olingan dastlabki Amerika nohukumat tashkiloti bo‘ladi. Bularning barchasi AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikning kuchayayotganligi hamda O‘zbekiston hukumatining jiddiy islohotlar o‘tkazishga va xalqaro hamkorlikka intilayotganidan darak beradi. Bu mamlakatlarimiz xalqlarining aloqalari rivojlanayotganligining isbotidir, zero «Amerika kengashi» AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida akademik va madaniy almashuvlar uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi», – dedi Nauert.

American Councils for International Education – AQShdagi nohukumat tashkilot bo‘lib, xalqaro almashuvlar va talabalar, magistrlar, o‘qituvchilar stajirovkasi hamda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik va aloqalarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. OAVning bildirishicha, O‘zbekistonda mazkur tashkilot vakolatxonasi 1995 yildan ish boshlagan, ammo 2006 yilda sud qaroriga ko‘ra yopilgan: xabar qilinishicha, tashkilot o‘zbekistonlik 100dan ortiq maktab o‘quvchilarini noqonuniy ravishda AQShda o‘qishga olib ketgan.

 

Mavzuga oid