Sport | 16:10 / 01.09.2018
18263
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Madrimov: «Menga aniq vazifa topshirilgandi - oltin medal» 

Osiyo o‘yinlarida erkaklar o‘rtasidagi boks bo‘yicha musobaqalarda -75 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Isroil Madrimov taqdirlash marosimidan so‘ng qisqacha intervyu berdi.

«Taassurotlar juda yaxshi, sababi chempionlik shohsupasiga ko‘tarildik. Bu g‘alaba faqat meniki emas, balki butun O‘zbekistonning g‘alabasidir. Shu g‘alaba bilan barcha muxlislarni tabriklayman. Muvaffaqiyatga erishish oson bo‘lmadi, buning tagida juda katta mehnat yotibdi. Bu bitta mening emas, balki murabbiylarimizning, O‘zbekiston Boks federatsisining mehnati, prezidentimizning bizga ishonchi va yaratib berilgan sharoitlari mahsuli deb bilaman. Oltin medalimni O‘zbekiston Mustaqilligining 27 yillik bayramiga bag‘ishlayman. 

Musobaqadan oldin mas'uliyat juda kuchli edi. Ikki hafta davomida nimalar bo‘lishi, janglar qanday o‘tishi haqida o‘ylagandim. Chunki menga aniq vazifa topshirilgandi - oltin medal. Xudoga shukr, bunga erishdim. O‘tgan Osiyo o‘yinlarida kumush olgandim, bu oltin shunga javob bo‘ldi, deb o‘ylayman. 

Menga juda noqulaylik tug‘dirgan raqib yarim finalda bo‘ldi, o‘zimda ham biroz hayajon bo‘ldi. Biroq, barchasi yaxshi yakun topdi. Endi kelasi yili Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiada o‘yinlariga litsenziya olish kerak. Professional bo‘yicha hali aniq emas, chunki Olimpiada kutyapti. Ammo, o‘zimda o‘tish niyatim bor», - deya aytib o‘tdi Isroil Madrimov Kun.uz muxbiriga.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid